Maʼdanli suv. Oʻt pufagini maʼdanli suv bilan ham davolash mumkin. Faqat qaysi muolaja sizga toʻgʻri kelishi borasida shifokoringiz bilan maslahatlashing. Muolaja uchun har ovqatlanishdan 15 daqiqa avval yarim stakan maʼdanli suv iching. Muolaja davri – 1 oy. Yarim yil tanaffusdan keyin muolajani takrorlash mumkin.
Makkajoʻxori popugi tindirmasi ham davolanishda yaxshi samara beradi. Uni tayyorlash uchun choynakka 4 osh qoshiq makka popugi solinib, qaynoq suvda damlab, tindiriladi. 2 piyoladan kuniga 3 marta ovqatdan yarim soat oldin ichiladi.
Sabzi sharbati ovqatdan oldin 1 stakandan ichilsa, oʻt suyuqligi ravonlashadi.
Shivit urugʻi qaynatmasi oʻt toshining oldini olish va oʻtdagi choʻkindilarni haydashda yordam beradi. Qaynatma tayyorlashda 2 osh qoshiq shivit urugʻiga 2 stakan qaynagan suv solib, past olovda 15 daqiqa qaynatiladi. Keyin sovitilib, dokadan oʻtkaziladi va 0,5 stakandan iliq holda kuniga 4 marta ichiladi. Davolanish muddati — 2-3 hafta.
Yigʻma choyni ichishdan oldin har safar och qoringa qirgʻichdan chiqarilgan sabzi va smetana yoki sabzi va oʻsimlik moyi qoʻshilgan boʻtqa, yo boʻlmasa dimlangan qovoqni asal qoʻshib isteʼmol qilish kerak.
Qizilpoycha (zveroboy). Ushbu giyohdan 1 choy qoshiq yarim litr qaynagan suvda damlanadi. Bir soat tindirib, dokadan suzib olinadi va har ovqatlangach, yarim stakandan ichiladi. Muolaja kursi 15 kun. Keyin 15 kun tanaffus qilinadi.
Boʻznoch (bessmertnik)ni ham xuddi qizilpoycha kabi damlab, 15 kun mobaynida ichiladi. 10 kun tanaffusdan soʻng muolaja 2-3 marotaba takrorlanadi. Damlamalarning achchigʻini kesish uchun unga yarim choy qoshiq asal qoʻshish mumkin.
Yalpiz. Quritilgan yalpiz (myata) va moychechak (romashka) 1 piyoladan aralashtiriladi. Aralashmadan bir osh qoshiq olib, yarim litr qaynagan suvda damlanadi. Ikki soat tindirilgach, ovqatlanishdan 20 daqiqa avval yarim stakandan qabul qilinadi. Muolaja davri – 1 oy.
Qirqquloq (paporotnik) safro haydovchi xususiyatga ega. Giyohning 2 osh qoshigʻi yarim litr qaynagan suvda damlanadi va past olovga qoʻyiladi. Solingan suvning yarmi qolgunga qadar qaynatiladi. Kuniga 3-4 mahal ovqatlanishdan 30 daqiqa avval 70-100 gr.dan qabul qilinadi. Bu damlama oʻt pufagida yigʻilib qolgan safroni haydashga yordam beradi.
Qonchoʻp (chistotel) ham oʻt pufagi va jigarni tozalaydi. 2 osh qoshiq qonchoʻp 2 stakan qaynagan suvda damlanadi va 6 soat tindiriladi. Ertalab och qoringa va uyquga yotishdan avval bu damlamadan 150-200 gr. ichiladi.
Baʼzan fitoterapiya muolajalaridan keyin bemorlarning oʻng qovurgʻasi ostida ogʻriq kuzatilishi mumkin. Bu mayda toshlar siljib, oʻt yoʻllaridan tashqariga chiqayotganini bildiradi.
Tavsiyalarni qoʻllashdan oldin shifokor bilan maslahatlashib, qay biri sizga foyda berishini tushinib oling. Zero, har bir organizm oʻziga xos boʻlib, yondosh kasalliklar borligini ham eʼtiborga oling.
Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach