Oʻtkir va surunkali bronxitni davolashda limon, aloe va asal kabi neʼmatlarning ahamiyati katta.
Birinchi malham. 3 dona limonning urugʻi olib tashlanib, poʻsti bilan birga maydalanadi, unga 20 dona ezilgan yongʻoq magʻzi, 300 gramm aloe sharbati, 500 gramm sariyogʻ, 500 gramm asal va 200 gramm «Kogor» vinosi solinib, obdon aralashtiriladi. Tayyor boʻlgan aralashma qorongʻi joyda saqlanadi va bronxit hamda oʻpka kasalliklarida ovqatdan 30 daqiqa oldin bir osh qoshiqdan uch mahal isteʼmol qilinadi.
Ikkinchi malham. 50 gramm qirgʻichdan chiqarilgan yerqalampir (xren) va 2-3 dona limon sharbatini aralashtirib, ertalabdan kechgacha 1 choy qoshiqdan, ketidan hech narsa yemay, ichmay isteʼmol qilinadi. Albatta, bunda bemorning oʻtida, oshqozon- ichakida dard boʻlmasligi kerak.
Uchinchi malham. 100 gramm aloe sharbati, 500 gramm maydalangan yongʻoq, 300 gramm ekologik toza asal va 3-4 dona limon sharbatini yaxshilab aralashtirib, 1 choy qoshiqdan kuniga 3 mahal ovqatlanishdan 30 daqiqa oldin isteʼmol qilinadi.
Ammo, shuni ham taʼkidlash kerakki, oʻtkir buyrak kasalliklari, oshqozon-ichak kasalligi, homiladorlik, ayollar jinsiy aʼzolarining oʻtkir shamollashi, yurak qon-tomir tizimi kasalliklari, sil kasalligi, qon qusish va bavosilda aloeli malhamlar isteʼmol qilish maʼn etiladi.
Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi