Oʻzbekiston Respublikasi 660 ming doza AstraZeneca vaksinasini oldi

0
190
marta koʻrilgan.

Shu munosabat bilan AOKAda «Oʻzbekistonda koronavirus bilan bogʻliq vaziyat, vaksinatsiya jarayonlariga tayyorgarlik» mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vaksinalar va immunizatsiya boʻyicha global alyans (GAVI), Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF), COVID-19 epidemiyasi uchun tayyorgarlik boʻyicha innovatsiyalar koalitsiyasining (CEPI) global hamkori boʻlgan COVAX orqali yetkazib berilgan 660 ming doza AstraZeneca vaksinasini oldi. 660 ming dozani yetkazib berish COVAX dasturi boʻyicha Oʻzbekistonga ajratilgan 2 million 256 ming dozadan iborat birinchi yuk hisoblanadi. Qolgan vaksinalar yaqin oylarda yetkazib beriladi.

COVAXning 190 ta mamlakat qatnashchilari 2021 yilning birinchi yarmida aholining xavf guruhiga kiruvchi qatlamlarini himoya qilish uchun vaksina dozalarini olish imkoniyatiga ega boʻladi. Donorlik tomonidan moliyalashtirilgan kamida 1,3 milliard doza 92 mamlakatga COVAX doirasida tarqatiladi.

Matbuot anjumanida JSSTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari doktor Liann Kuppens shunday dedi:

— JSST COVID-19 ga qarshi AstraZeneca/Oxford vaksinasini favqulodda ishlatish mumkin boʻlgan vaksinalar roʻyxatiga kiritgani uni COVAX orqali global miqyosda tarqatishga imkon berdi. Oʻzbekiston AstraZeneca vaksinasini tadbiq etadigan 49-mamlakat boʻldi. Vaksinalarning sifati, xavfsizligi va samaradorligini taʼminlash JSSTning eng muhim ustuvor yoʻnalishdaridan biridir: vaksinalarning sifati, xavfsizligi va samaradorligini baholash uchun global meʼyorlar va standatlarni ishlab chiqish maqsadida mahalliy hokimiyat organlari bilan yaqindan hamkorlik qilamiz.

Bugun butun dunyo boʻyicha koronavirusga qarshi 256 ta vaksina roʻyxatga olingan. JSSTga ulardan 15 nafarini favqulodda qoʻllash boʻyicha ariza topshirilgan. Shulardan 13 tasini favqulodda qoʻllash roʻyxatiga kiritilgan. Favqulodda qoʻllashga tavsiya qilish jahon boʻyicha tan olingan malakali mutaxassislar ishtirokida muhokama qilinib, ularning xulosasiga koʻra amalga oshiriladi.

Bugungi kunda koronavirusning yangidan yangi shtammlari aniqlanmoqda. Vaksinalarning virusning turli shtammlariga taʼsiri haqida gapirganda aytish mumkinki, koronavirus mutatsiyaga uchrab borgani sari vaksinalarni ham oʻzgartirib, takomillashtirib borish imkoniyati bor.

Biror shtamm uchun alohida vaksina yaratish yoki boridan voz kechish shart emas.

Anjuman ishtirokchisi YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade soʻzi:

— COVAX orqali global miqyosda 28 million doza vaksina tarqatildi. Bugun Oʻzbekistonga “COVID-19”ga qarshi vaksina keltirilganligi butun dunyoda vaksinalarni odilona taqsimlashga erishish yoʻlidagi tarixiy qadam deyish mumkin. Ularga teng va odilona ega boʻlish pandemiyani toʻxtatishda oʻta muhim, shu bois vaksinalarga hamma ega boʻlishini taʼminlashimiz zarur.

Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻrinbosari — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev fikri:

— Har bir vaksina tegishli 3 bosqichli sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtganidan soʻnggina qoʻllashga tavsiya etiladi. AstraZeneca/Oxford vaksinasi ham tegishli sinovlardan oʻtgan va JSST ham uni favqulodda qoʻllash boʻyicha tavsiya qilgan. Biz bir vaksinani maʼqullab, boshqasini rad etish fikridan yiroqmiz.

Xabaringiz bor, biz faqat AstraZeneca/Oxford vaksinasinigina emas, boshqa vaksinalardan ham foydalanishni rejalashtirganmiz. “Sputnik V” vaksinasidan 1 million doza olib kelish toʻgʻrisida muzokaralar olib borilmoqda. Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Xitoy hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinamiz ham bor.Shuningdek, Xitoy vaksinasini olib kelish boʻyicha ham muzokara olib borilmoqda.

Biz fuqarolarimizni biror vaksinani olishga majburlamaymiz. Ular istagan vaksinasi bilan emlanishi mumkin.

 “Astra Zeneca” (rekombinant vaksina) bilan Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada allaqachon 17 million kishi emlangan. Ular orasida zararli taʼsir qilgan deb baholangan holatlar milliondan bittani tashkil qiladi.

Dunyoda biror vaksinaning qoʻllashdan toʻxtatib turilgani uning butunlay zararli degan xulosaga olib kelmaydi. Shunchaki hozirda uning taʼsirlari borasida chuqur oʻrganishlar olib borilmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari oʻrinbosari Nurmat Atabekov:

— Odamlar orasida vaksinatsiya jarayonlariga undash uchun ataylab kasallik koʻpayishini boʻrttirib koʻrsatishga urinilyapti, degan mish-mishlar uchrab turibdi. Bunda mantiq yoʻq, chunki kasallanish holatlari asosan bolalar orasida oshmoqda. Biz esa vaksinani 18 yoshdan kattalarga tavsiya qilyapmiz.Karantin choralari qatʼiylashtirilganiga odamlarning haddan ortiq xotirjamlikka berilgani sabab boʻlayapti desak, adolatdan boʻlardi. Vaqti kelib, bolalarni himoya qilish choralari ishlab chiqilishi ham mumkin.

Shuningdek, Nurmat Atabekov internet tarmoqlarida tarqalgan Zangiotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etib, rasmiy statistikada aks etmagan bemor masalasiga ham oydinlik kiritib oʻtdi. Mutaxassisning fikricha, bemor shifoxonaga olib borilishidan oldin unda virus tasdiqlangan. Ammo shifoxonadagi maxsus laborator tekshiruvida manfiy natija qayd etilgan. Shu sabab ham rasmiy statistikaga kiritilmagan. Hozirda patologoanatom xulosasi kutilmoqda.

Mahalliy va xorijiy jurnalistlar ishtirokida oʻtgan matbuot anjumani nihoyasida jurnalistlar mutaxassislardan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.