PAKANALIK SABABLARI va BOʻY OʻSTIRISHNING DAVOLARI

7
3491
marta koʻrilgan.

Ayrim oʻsmirlar tengqurlaridan boʻyi pastligidan uyaladi. Bunday vaziyatda bolaning ruhiy holatida oʻzgarish, siqilish, asabiylashish, tushkunlikka tushish roʻy beradi, oqibatda esa, boshqa jiddiy kasalliklar ham kelib chiqishi mumkin. Xoʻsh, bolaning boʻyi oʻsmay qolishiga nima sabab boʻladi? Bunday holatda qanday yoʻl tutish kerak? SSV Matbuot xizmatining ushbu savollariga tibbiyot fanlari nomzodi Nasiba Alimova javob berdi.

— Boʻy oʻsishi nimaga bogʻliq, agar bolaning oʻsmayotganini bilib qolsak kimga murojaat qilish kerak?

— Inson boʻyining oʻsishi gipofiz bezi ishlab chiqaradigan gormonga bogʻliq. U inson aʼzo va toʻqimalarida oqsil hosil boʻlishini tezlashtiradi. Shu bilan birga, agar organizm kuchsiz ahvolda boʻlsa, u shunchaki oʻsishdan toʻxtaydi.

Demak, bolangizning oʻsmayotganini sezdingizmi, birinchi galda shifokor-endokrinologga uchrab, uni toʻlaqonli tekshiruvdan oʻtkazishingiz kerak. Shifokor UTT hamda qonda gormonlar nisbatini aniqlaydi, shuningdek, rentgenografiya yordamida bilak suyaklarini tekshiriladi. Bu tekshiruv bolaning suyaklari oʻsish hududidami yoki yoʻqmi, bilish uchun zarur.

Agar farzandingizning boʻyidan xavotirda boʻlsangiz, shubha-gumonlaringizga aniqlik kiritish maqsadida bir necha tekshiruvlar joiz. Bular: bolaning boʻyi va vazni oʻlchami, bosh sohasining tomografiya tekshiruvi, qoʻl kafti rentgeni, qondagi gormon miqdori, jigar faoliyati, gijjalar tekshiruvi hamda genetik xastalikka gumon qilinganida genetik mutaxassis tomonidan alohida qon tahlili olinadi.

— Boʻy oʻsmay qolishiga nima sabab boʻladi?

— Bola boʻyi oʻsmasligining qator sabab va omillari mavjud. Yuqorida keltirilgan tahlillarda bu aniqlanadi. Birinchi navbatda, oʻsishdan toʻxtash irsiyat bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Bolaning meʼyoriy oʻsishida 100 ta gen muhim rol oʻynaydi.

Boʻyi past ota-onadan tugʻilgan bolaning uzun boʻyli boʻlishi kam kuzatiladi. Boʻy oʻsishiga organizmdagi ayrim gormonlarning koʻp yoki kamligi ham taʼsir qiladi. Qalqonsimon va buyrak usti bezlarida yetiladigan gormonlar oʻsish gormonlari deyiladi. Shu bois endokrin tizimdagi turli izdan chiqishlar boʻy oʻsishidagi patologiyalarga olib keladi.

Baʼzida buyrak, yurak, oʻpka va hazm aʼzolaridagi surunkali kasalliklar ham boʻy oʻsishini toʻxtatadi. Boshqa surunkali kasalliklar tonzillit(angina), xoletsistit(oʻt qopi yalligʻlanishi) odatda boʻy oʻsishiga salbiy taʼsir qilmaydi. Ammo bunday hollarda ishtaha yoʻqoladi, bu esa boʻy oʻsishini pasaytiradi.

Agar bolada parazitlar boʻlsa ham boʻy oʻsishida muammolar tugʻiladi. Shuning uchun ichki organizm faoliyati normal yoʻlga qoʻyilsa, boʻy oʻsishda davom etadi.

— Koʻp uxlagan bolaning boʻyi uzun boʻladi deyishadi, shu toʻgʻrimi?

— Oʻsish gormonlari bola uxlaganda ishlab chiqariladi. Demak, meʼyorida uxlagan bola yaxshi oʻsadi va rivojlanadi.

Shuningdek, bolaga mehr yetishmasligi unda oʻsish gormonlari ishlab chiqarilishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu sababli Mehribonlik uylaridagi 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda koʻpincha boʻy oʻsishidan ortda qolish koʻproq kuzatiladi. Ota-onalar ham bola ruhiyatiga eʼtibor qaratishi lozim.

— Suyak yoshi nima degani?

— Tibbiyotda har bir odam organizmining pasport yoshi va suyak yoshi degan tushuncha bor. Qoʻl kafti rentgen tekshiruvi oʻtkazilganida suyaklar soniga koʻra cuyak yoshi aniqlanadi. Meʼyorda pasport yoshi suyak yoshi bilan teng boʻlishi lozim. Suyak yoshi bir yilda bir marotaba nazorat kilinishi kerak. Oʻsish jarayoniga qarab oʻsish garmonini davom etirish yoki toʻxtatish tavsiya qilinadi.

Boʻy oʻsishining ortda qolishi shu kabi tekshiruvlarda koʻrinadi. Masalan, bolaning pasport yoshi 10, suyak yoshi esa 3 yoshga mos keladi. Farqi: 7 yosh boʻlayapti.

— Boʻyni oʻstirishda qoʻllaniladigan gormon terapiya muolajasi qanday?

— Zamonaviy tibbiyotda rentgen va gormonal tekshiruvlar orqali boʻy oʻstirishda tashxis aniq boʻlgach, gormon terapiya muolajasi qilinadi.

Muolaja ikki usulda: uzluksiz va muddatli koʻrinishda boʻladi. Davolanish jarayonida bola oʻz vaqtida koʻrikdan oʻtkazib turilib, oʻsish doiralari berkilib qolmayotgani nazorat qilinadi.

Shuningdek, gormon preparatlarini oʻz vaqtida belgilangan tartibda qabul qilish ham asosiy shartlardan biri. Agar bilib-bilmay boʻy oʻstiruvchi gormondan foydalanilsa, nojoʻya taʼsiri kuzatilishi mumkin. Shu bois ham mutaxassis bilan bamaslahat kerakli muolaja olinishi lozim. Ikki yoki uch oyda toʻxtatib qoʻyilsa, hech qanday naf boʻlmaydi. Bu jarayonni ertaroq boshlagan maʼqul. Balogʻat yoshidan keyin boʻy oʻstirish muolajasi taʼsir qilmasligi tibbiyotda koʻp kuzatilgan.

— Uy sharoitida bolalarimizning boʻyi normal oʻsishi uchun nima qilishimiz kerak?

— Farzandingizning boʻyi meʼyorida boʻlishi uchun sport mashqlariga eʼtibor qarating. Sakrash, turnikda osilish, voleybol, basketbol, suzish kabi  sport turlariga jalb qiling. Bola jismoniy faollik bilan band boʻlsa, unda ochlik hissi paydo boʻladi. Bu esa oʻsish gormoni koʻproq ishlab chiqilishini taʼminlaydi.

Taomnoma oqsilga boy mahsulotlar, sut-qatiq, goʻsht, tuxum, koʻkatlar hamda dukkakli mahsulotlarga boy boʻlsa, boʻy bilan bogʻliq muammolar koʻp bezovta qilmaydi. Shuni unutmangki, har qanday kasallikning oldini olishning birinchi talabi bu sogʻlom turmush tarziga amal qilishdir.

Yoyish

7 Mulohaza

  1. Assalomu alaykum hurmatli Nasiba Alimova! PAKANALIK SABABLARI va BOʻY OʻSTIRISHNING DAVOLARI mavzusidagi maslaxatlaringiz uchun oʻzimni minnatdorchiligimni bildiraman! Siz bilan bogʻlanish uchun tel yoki el manzillaringizni berishingizni iltimos qilaman, oldindan raxmat!

  2. Assalomu alaykum. Man shu masalada shifokor zarur, oʻgʻlim 10 yoshga kiradi, lekin boʻyi past va oʻzgʻin. Nima qilsam tengdoshlariga yetkazib olsam boʻladi?

  3. Mening ismim Anvarjonov Behruzbek men 14yoshdaman lekin boʻyim juda past 1.48sm doʻstlarimni oldida juda boʻyim pastligi bilinarli darajada seziladi shunga menga yordam bera olasizmi

    • Oʻgʻlim Behruzbek. Avvalo siz uchastka vrachiga uchrashing. U sizni endekrinolog vrachga yoʻllaydi. Barcha analiz yaʼni qon tahlillarini koʻrgandan keyin bir xulosaga keladi. Tahlillarsiz biror gapni aytib boʻlmaydi. Salomat boʻling. Baʼzi bolalarning boʻyi kechroq oʻsadi. Zora shunday boʻlsa. Ezgu tilaklar bilan Raʼno opangiz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.