Pandemiya davrida gipertoniya va uning asoratlari

0
428
marta koʻrilgan.

Tibbiyot fanlari nomzodi Shoira Bekchanova bilan pandemiya davrida gipertoniya va uning asoratlari xususida suhbatlashdik.

– Koronavirus pandemiyasi davrida covid-19  asosan yoshi ulugʻlarda ogʻir kechyapti.  Bolalarda, yoshlarda yengil oʻtyapti.  Sababi nimada?

– Chunki,  yoshi ulugʻlarning  yillar davomida orttirilgan kasalliklari covid-19  bilan uygʻunlashib ketyapti.

Masalan, gipertoniya kasalligini olaylik.  Gipertoniya kasalligi – bu arterial bosimning turgʻun baland boʻlib,  yuqori chegarasi muntazam 140 mm simob ustuni va pastki qismi esa 90 mm simob ustunidan baland boʻlishidir. Hozirgi kunda ushbu xastalik jahonda barcha kasalliklar ichida birinchi oʻrinda turadi.

Bemor oʻz vaqtida davolanmasa yoki notoʻgʻri davolansa juda ogʻir asoratlarga sabab boʻladi. Uning asoratlaridan biri – miokard infarkti boʻlib, yurak sohasidagi kuchli ogʻriqlar, yurakning tez-tez urib ketishi, kuchli holsizlik, sovuq ter bosishi kabi holatlar bilan namoyon boʻladi. Miokard infarktining asorati  esa nogironlikdir.

 Qon bosimining keskin koʻtarilib ketishidan kelib chiqadigan kasalliklardan yana biri – insult  boʻlib,  miyada qon aylanishining oʻtkir buzilishi yoki miyaga qon quyilishidir. Xastalikning belgilari tana yarmining yoki  qoʻl-oyoqlarning ishlamay qolishidir. Nutqning buzilishi, boshda kuchli ogʻriq boʻlishi shuningdek, xastalik boshning aylanishi bilan kuzatiladi.

Yurak yetishmovchiligi ham qon bosimining asoratlaridan boʻlib, kasallik bemorda hansirash, tez charchash, oyoqlarda shish paydo boʻlishi bilan kechadi.

Agar bemorlar qon bosimini doim nazorat qilib tursa, ushbu asoratlar kuzatilmaydi. Qon bosimining yuqorigi chegarasi 120 mm simob ustuni, pastki qismi 80 mm simob usunidan oshmasligi kerak.

Gipertoniya kasalligiga uchramaslik uchun doimo tana vaznining oshib ketmasligiga harakat qilish kerak. Hayvon yogʻlarini kam isteʼmol qilish maqsadga muofiq.  Dukkakli mahsulotlarni, sabzavotlarni, mevalarni koʻproq isteʼmol qilish sogʻliq uchun foydalidir. Spirtli ichimliklar,  tamaki mahsulotlarini chekish taʼqiqlanadi. Sport bilan muntazam shugʻullanish esa koni foyda.

Eng asosiysi sogʻlom turmush tarziga rioya qilish yaʼni toʻgʻri ovqatlanish, oʻz vaqtida dam olish va badantarbiya mashqlari bilan muntazam shugʻullanish lozim.

Raʼno ZARIPOVA tayyorladi.

Tahririyatdan: Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi  granti asosida uyushtirildi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.