Pandemiya davrida liftdan foydalanishning oʻziga xos xususiyatlari

0
157
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijda mehnat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolariga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor avvalida mamlakatimizda pandemiya bilan bogʻliq vaziyat tahlil qilindi.

Jumladan, iyul va avgust oylarida koronavirusga qarshi kurash boʻyicha ishlar keskin kuchaytirilgani natijasida unga chalinganlarga nisbatan sogʻayganlar soni ancha ortgani qayd etildi. Xususan, oxirgi 5 kunda tuzalib chiqqanlar ulushi 77 foizdan 87 foizga oshdi. Davolanayotganlar soni 7 ming nafardan 4 mingtaga tushdi. Buning ortida, albatta, shifokorlarimizning mashaqqatli mehnati yotganligini taʼkidladi.

Yaqin kunlarda Rossiyadan qirqqa yaqin, Xitoydan oʻn nafar yuqori malakali mutaxassislar yetib kelgani, ularni hududlarga taqsimlab, joylarda bemorlarni eng samarali usullar bilan davolash va mahalliy shifokorlarning malakasini oshirish ishlari tashkil qilinishini qayd etdi. 

Karantin talablari yumshatilgani tufayli  endi aholi jamoat joylarida koʻproq boʻlishi sababli COVID-19 tarqalishi xavfi sezilarli darajada oshishi mumkinligini ham eslatib oʻtdi. Shu bois, “Temir intizom” hammamiz uchun eng birinchi masala boʻlib qolishi kerakligini taʼkidladi. Darhaqiqat, bundan keyin har birimiz oʻzimizga oilamizga, qoʻni*qoʻshnilarimizga masʼulmiz. 

Pandemiya davrida aholi alohida eʼtibor qilishi lozim boʻlgan vazifalardan biri bu – liftdan foydalanish  tartibini  bilib olishlari lozimligidir. Bu koʻpchilikni qiziqtirishi tahririyatimizga kelgan murojaatlardan ham sezilmoqda.

Koʻp qavatli binoda yashovchilar liftdan kuniga bir necha marta  foydalanishadi. Qoʻshnilardan birida kasallik aniqlansa, ular ham liftdan foydalanishadi, unday paytlarda nima qilish kerak?

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, virus turli xil sathlarda va havo zarralarida 2-3 soatdan 8-12 soatgacha saqlanib turishi toʻgʻrisida tasdiqlangan maʼlumotlar mavjud. Milliy gvardiya xodimlari har  2-3 kunda uy yoʻlaklarini xlorli eritma bilan tozalab ketishadi. Koʻrib turibsiz bu kamlik qiladi. Shuning uchun liftlarda doimiy tozalov ishlarini olib borish, turli yuzalarni, tutqichlarni xlor tarkibli eritmalarda ishlov berish kerak boʻladi.  Buni yaxshi bilgan  vrach qoʻshnim qachon hukumat tomonidan tayinlangan vakillar tozalab ketadi deb qarab oʻtirmaydi. Oʻzi ham xlorli  eritma sepib, liftni havoni tozalashga intiladi.

Shaxsan oʻzim har kuni yoʻlakdagi chiroqlar va liftning tugmachalarini spirtlab artib chiqaman. Yoki antiseptik vositalar sepaman.    

Liftlardan foydalanilgan vaqtlarda, oʻzini oʻzi himoyalash maqsadida har bir fuqaro  imkon qadar ortiqcha yuzalarga qoʻl tekkizmasligi lozim. Uyga qaytganda esa qoʻllarni sovunlab yaxshilab yuvish yoki antiseptik vositalar bilan ishlov berish talab etiladi. Eng asosiysi bir tan bir jon boʻlib, birlashib lift va yoʻlaklarni oʻzingiz ham tozalashdan erinmang. Bu bor — yoʻgʻi besh- oʻn daqiqa vaqtingizni oladi.

Karantin talablari yumshatildi, bu sizu bizning zimmamizga yanada katta masʼuliyat yuklaydi.  Har birimiz karantin tartib-qoidalariga yanada  qatʼiyat bilan amal qilishimiz lozim. Shu yoʻl bilan oʻzimizni, oilamizni, qoʻni-qoʻshnimizni provardida yurtimiz ahlini asraymiz.

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi  granti asosida uyushtirildi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.