Inson hayotida immunitetni kuchaytirishda vitaminlar yaʼni darmondorilar muhim rol oʻynaydi va katta ahamiyatga ega.
Inson oʻz organizmini holatini boshqara bilishi kerak. Buning uchun qanday moddalar yetishmayotgani oʻzi his qilishi lozim. Uni aniqlash judayam sodda, biroz oʻzingizga eʼtibor bersangiz bas. Organizmda qanday vitaminlar yetishmayotganini aniqlash uchun kishi oʻz tanasi tashqi koʻrinishiga – sochlari, terisi va tirnoqlari holatiga eʼtibor berishi lozim, ular inson sogʻligʻi haqida aniq maʼlumot beradi.
Darmondorilar inson salomatligining umumiy holatiga – sogʻlom va koʻrkamligiga, ichki aʼzolar faoliyatining meʼyorda ishlab turishiga, immunitet meʼyorida boʻlishiga koʻmaklashadi.
Masalan, agar badaningizning biron joyini qattiq narsaga yengil urib olganingizda, koʻkarish paydo boʻlsa, va u uzoq vaqt tuzalmasa, organizmda S, K va R vitaminlari etishmayotganidan darak beradi.
Bu vitaminlar: sitrus mevalarida, rangli karamda, koʻk qalampirda, turli mevalarda va pomidorlarda mavjud.
Tez-tez bosh aylanishi, quloq shangʻillashi V3 va Ye vitaminlari, kaliy va magniy moddalari etishmasligidan xabar beradi. Bu vitaminlar isteʼmol qilinganda faolligi S vitamini bilan qoʻshilsa, taʼsiri yanada kuchayadi.
Bunday holatda yongʻoq, turli bargli – lavlagi, sabzi kabi sabzavotlar, yashil noʻxot, tuxum, sitrus mevalari, banan va kungaboqar pistasi isteʼmol qilish tavsiya etiladi.
Koʻzlar qizarishi, ularning quruqshashi va achishishi, qorongʻiga moslashishning qiyin kechishi A va V2 vitaminlari etishmovchiligidan xabar beradi. V2 vitamini yogʻ-moy mahsulotlari bilan oʻzlashtiriladi.
Bu holatda sabzi, zaytun yogʻi, jigar, baliq, tuxum, sariyogʻ, yashil sabzavot, salat, sut va pishloq isteʼmol qilish tavsiya etiladi.
Yana vitaminlar haqida nimalarni bilish lozim!
S vitamini terining koʻrkam va silliqligini, mustahkam immunitetni, yaxshi kayfiyatni, soch va tishlar salomat boʻlishini taʼminlaydi.
Bu vitamin ukropda, sitrus mevalarida, naʼmatakda, chakanda moyi (oblepixa)da, qizil rangli mevalarda, rangli karamda, yashil noʻxotda, fasolda, turpda va kivida mavjud.
Bir sutkada inson organizmi uchun zarur boʻlgan meʼyori 70 mg/ yoki 1-2 ta apelsin isteʼmol qilish kifoya.
V6 vitamini organizm yoshligini, asab tizimi mustahkamligini, qon tomirlari sogʻlom boʻlishini taʼminlaydi.
Bu vitamin boshoqli oʻsimliklarda, bugʻdoyning yangi undirilgan nihollarida, koʻk salatda, karamda, bananda, yongʻoqda, bugʻdoy kepagida, losos baligʻida va goʻshtda mavjud.
Bir sutkada inson organizmi uchun zarur boʻlgan meʼyori: 1,6-2 mg/ yoki 300 gram mol goʻshti isteʼmol qilish yetarli boʻladi.
K vitamini jarohatlarning tez bitishini, qon sifati va uning ivuvchanligining meʼyorda boʻlishini taʼminlaydi.
Bu vitamin ismaloqda, qichitqi oʻtda, naʼmatakda, turli xil karamlarda, sabzida, pomidorda, qulupnayda va koʻk choyda mavjud.
Vitamin uzoq muddat oftob taʼsiri yoki olovda pishirilishida yaroqsiz holga keladi.
Bir sutkada inson organizmi uchun zarur boʻlgan meʼyori 2 osh qoshiq petrushka isteʼmol qilish yetarli boʻladi.
D vitamini umumiy salomatlik va suyaklar mustahkamligini, qonning meʼyorda ivuvchanligini, shamollashdan himoyalanishni, zaharli moddalarning organizmdan chiqib ketishini, yaxshi kayfiyatni, yurak qon tomirlar salomatligini taʼminlaydi.
Bu vitamin: pishloqda, sariyogʻda, tvorogda, tuxumning sarigʻida, baliqda, dengiz mahsulotlarida, kartoshkada, oʻsimlik yogʻida, mol goʻshtida mavjud,
Bir sutkada inson organizmi uchun zarur boʻlgan meʼyori: 2-5 mg/ yoki 2 ta tuxum isteʼmol qilish yetarli boʻladi.
Vitamin V2 hujayralar yangilanishi va mushaklarning meʼyorda ishlashini taʼminlaydi..
Bu vitamin: sutda, bodomda, qoʻy goʻshtida, tuxumda, qoʻziqorinda, grechkada, tvorogda, xamirturushda va goʻshtda koʻproq uchraydi.
Bir sutkada inson organizmi uchun zarur boʻlgan meʼyori: 1,3-3 mg2-5 mg/yoki 2 ta tuxum isteʼmol qilish kifoya qiladi.
Shuningdek, yogʻsiz qoʻy goʻshti yoki tuxumdan biroz isteʼmol qilish yetarlidir.
V 12 vitamini meʼyordagi tana vazni, mustahkam immunitet, sogʻlom xotira va shuningdek, ichaklar tizimi sogʻlom boʻlishini taʼminlaydi.
Bu vitamin salatda, turli baliq mahsulotlarida, sutda, pishloqda, tuxum sarigʻida koʻproq uchraydi.
Bir sutkada meʼyori: 2-5 mg yoki 100 g losos baligʻidan isteʼmol qilish lozim.
V15 vitamini mustahkam xotira, yaxshi kayfiyat, kasallikdan soʻng salomatlikning tezda tiklanishi, qon tomirlari salomatligi, yurak faoliyatining meʼyorda boʻlishini taʼminlaydi.
Bu vitamin goʻshtda, parranda goʻshtida, tuxum sarigʻida, sut mahsulotlarida, baliq ikrasida, yongʻoqda, xamirturushda, sulida, grechkada va guruchda uchraydi.
Bir sutkalik meʼyori 5 mg yoki qoʻy jigaridan 100 g isteʼmol qilish lozim.
Ye vitamini organizm yoshligini saqlashni, reproduktiv (nasl qoldirish) tizim faoliyatini, kayfiyatning yaxshi boʻlishini, tashqi salbiy taʼsirlardan himoya qilinishini taʼminlaydi.
Bu vitamin goʻshtda, kungaboqar, joʻxori, qovoq, zaytun yogʻlarida, sariyogʻda, yongʻoqda, sut mahsulotlarida va jigarda mavjud.
Yaroqsiz holga kelishi: uzoq muddat saqlanishida.
Bir sutkalik meʼyori 30-50 mg/ 1 osh qoshigʻidagi oqlanmagan yogʻ isteʼmol qilish yetarli boʻladi.
A vitamini terining koʻrkamligi va yoshligini, soch goʻzalligini, tirnoqlar salomatligini, koʻrish quvvatining kuchliligini, suyaklar baquvvatligini, reproduktiv (nasl qoldirish) tizim faoliyatini, yaxshi kayfiyat va tashqi taʼsirlardan himoyalanishni taʼminlaydi.
Bu vitamin sabzida, sitrus mevalarida, pishloqning qattiq navlarida, tvorogda, sutda, tuxumda, baliqda, jigarda va petrushkada uchraydi.
Sutkalik meʼyori: 0,4-1 mg; yoki mol jigaridan bir necha boʻlak isteʼmol qilish kifoya qiladi.
Noz-neʼmatlarni asrashni ham bilish kerak. Yorugʻlikning davomli tushishida sabzavotlar oʻz taʼsir kuchini yoʻqotadi. Shuningdek, ular pishirish jarayonida foydali xususiyatlarini maʼlum darajada yoʻqotadi. Yorugʻlikning uzoq vaqt taʼsiri ostida meva va sabzavotlardagi vitaminlar yaroqsiz holga keladi. Goʻsht, baliq, sut mahsulotlari qayta muzlatilganida va muzlatilgach eritilganida vitaminlarning taʼsiri kamayadi. Xullas hamma noz-neʼmatni oʻz vaqtida isteʼmol qilish koni foydadir.
Koʻrib turibsiz, hammasi oʻzimizning dalalarimizda yetishtirsa boʻladigan neʼmatlar. Ona yurt neʼmatlari koni foyda uni oʻz oʻrnida ishlata biling! Ulardan unumli foydalaning!
Tibbiyot fanlari nomzodi Shoira BEKCHANOVA tayyorladi
Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi loyihasi asosida uyushtirildi.