Piyozning shifobaxsh xususiyatlari juda koʻp. Undan xalq tabobatida siydik haydovchi malham sifatida, turli yara, chipqon, singa, kolit, ateroskleroz, gipertoniya, avitaminoz kasalliklarida, manqa, xoʻppoz, tumov, sizlogʻich, hatto yumaloq gijjani tushirishda ham ishlatiladi.
Piyozning spirtdagi nastoykasini ichak, ateroskleroz, gipertoniya kasalliklariga, piyozni asal va olma bilan aralashtirib tomoq shamollashi, yoʻtalga davo sifatida qoʻllaniladi.
Piyoz kishi organizmidagi qand miqdorini kamaytirish xususiyatiga ham ega. Shu tufayli suyuq ovqatlarga piyoz koʻproq solinishi tavsiya etiladi. Koʻk piyoz kaliy va karotin moddalariga boyligi tsfayli yurak mushaklarining yaxshi ishlashini taʼminlaydi, tanadagi ortiqcha suyuqlikni chiqarib yuborishda koʻmaklashadi. Tishlarining sogʻlom va mustahkam boʻlishida ham piyozning foydasi katta.
Ilmiy tibbiyotda piyoz oʻsimligining dorivor vositalari: nastoyka (allilgen), allilglitser (piyoz bosh ekstrakti bilan glitserin aralashmasi), ichak atoniyasi, kolit, ateroskleroz, gipertoniyaning baʼzi turlari, avitaminoz (singa va boshqa kasalliklar)ni davolash uchun ishlatiladi. Bu vositalar yana tumovda (rinit) burunning shilliq qavatlariga surtilib, davolanadi. Ginekologiya va trixomonadalikol kasalligini davolashda ham qoʻllaniladi.
Foydali maslahatlar: Bir stakan piyoz sharbati teng miqdorda asal bilan aralashtiriladi. Shu doridan kuniga uch mahal ovqatdan bir soat oldin yoki ovqatdan 2-3 soat keyin 2 oy davomida tabga qarab bir choy qoshiq yoki bir osh qoshiq isteʼmol qilinsa miya skleroziga davo boʻladi. Ikki hafta tanaffus qilib, yana 2 oy yeyish tavsiya qilinadi.
Yumaloq gijja (ostritsa)dan holi boʻlish uchun sarxil piyozdan 15-20 grammdan kuniga isteʼmol qilinib, muolaja 7-10 kun davom qilinadi.
Piyoz barglari yorilgan teriga, qalinlashayotgan qadoqqa qoʻyiladi. Barra piyoz taom hazm boʻlishini yaxshilaydi, sochning toʻkilishining oldini oladi. Uning sharbati bilan qanddan tayyorlangan vosita organizmni mustahkamlaydi.
Gripp va nafas yoʻllari shamollaganda piyoz maydalab toʻgʻrab eziladi. Biror idishga solib, boshga kattaroq roʻmol yopib hidlansa, yaxshi natija beradi.
Eslatma: Xom piyozni oʻtkir oshqozon-ichak, buyrak, jigar xastaliklari bor bemorlar isteʼmol qilmasliklari lozim. Piyoz suvini burunga tomizish mumkin emas, chunki u yalligʻlangan shilliq qavatga salbiy taʼsir qiladi. Burun kataklariga ham piyoz boʻlagini tiqish aslo mumkin emas, chunki uni burundan tortib olish oʻta qiyin kechib, shifokor yordami kerak boʻlib qolishi mumkin. Yana oʻz vrachingiz bilan maslahatlashing.
Saʼdullayeva Fazilat, 1-Respublika tibbiyot kolleji katta oʻqituvchisi