Ona yurt neʼmati — qalampir, murchni xalqimiz azal-azaldan sevib ovqatlarga ishlatadi. Xalq tabobatida qish kezlarida murch talqoni koʻplab dardlarga malham sifatida qoʻllaniladi.
Masalan, uning talqoniga kungaboqar yogʻi qoʻshib badanga surilsa, et uvishishiga foyda qiladi, shamollashni oldini oladi. Uch mahal asalga talqon qoʻshib tomoqqa surtilsa, gazakning oldini oladi, Shuningdek, unga aloy bargi sharbati va qoramayizni obdon aralashtirib shimilsa tomoq va umuman shamollashga malham boʻladi.
Qish kezlarida esa suvda murch qaynatilib piyoz toʻgʻrab, qotgan non aralashtirilib ichilsa organizmdagi viruslarga qarshi kuchli malham boʻladi va immun tizimni mustahkamlaydi.
Murchning poyasi hamda bargi ham foydali, ularni ezib sochga surtilsa uni oʻstiradi.
Momotaloq boʻlgan joyga murchni kuniga uch mahal dokaga surtib bogʻlansa, qotgan qonni shimdiradi. Kamquvvat kishi qizil murchni 10 kun ovqatlarga solib isʼtemol qilsa, quvvatni oshiradi, qornida yigʻilgan yellarni haydaydi.
Biroq jigarida, oʻtida, buyragida dardi boʻlganlar uni ehtiyot boʻlib ishlatganlari maʼqul.
Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach