Qish fasliga oid foydali maslahatlar

0
128
marta koʻrilgan.

Qish fasliga oid foydali maslahatlar: Qishning oxirgi oyi. U yaqinlashayotgan bahor  bilan bahs boylab oʻz nafasini atrofga yoymoqda. Atrof oppoq qorga burkangan. Oqlikdan, yorugʻlikdan dilingiz yorishadi.  Biroq, bunday tez-tez oʻzgarib turadigan  ob-havo paytida inson organizmiga infeksion va surunkali kasalliklar xavf sola boshlaydi. Shuning uchun ham aynan shu davrda oʻz salomatligingizga eʼtiborliroq boʻlishingiz lozim boʻladi. Sizga bermoqchi boʻlgan bir nechta maslahatimiz sizning sogʻligingizni asrashda asqotadi, albatta.

Issiqroq kiyining. Bel sohasidan tepada turadigan kurtka, kalta yubka, rezina podoshvali oyoq kiyimi bu piyelonefrit kasalligiga qisqa yoʻl demak. Ob-havoga mos kiyinishni odat qiling. Ayniqsa, ish faoliyatingiz sizning doimiy ochiq havoda boʻlishingizni taqozo etsa. Masalan: kurerlik xizmatidagi xodim, patrul xizmatidagi fuqarolar, sotuvchi va boshqalar.

Shamollashdan saqlaning. Shamol va izgʻirinli kunlar boshlanyapti. Bunda sovuqning salbiy taʼsiridan moyli massaj himoyalaydi. Masalan, bodom danagi magʻziga makkajoʻxori, barra bugʻdoy hamda yongʻoq  mevalari  qoʻshasiz. Har kuni kechqurun qoʻl panjasi va oyoq tovonlarini moy bilan uqalang. Dam olish kunlari uyqu oldidan butun gavdangizni silang (muolajani ensa tomondan pastga oyoq uchiga qadar silash bilan bajaring). Bunday muolaja sizni shamollashdan himoya qiladi.

Vitaminlarni gʻamlang.  Yoz faslida yaxshi yetilgan reza mevalaridan qizil va qora chetan mevasi–ryabina, naʼmatak kabi mevalardan gʻamlab qoʻygan boʻlsangiz, ushbu kabi rezavor mevalar organizmni qishning sovuq havosidan himoya qiluvchi kuchini oshirishda qoʻllab-quvvatlaydi.  Kuzgi maʼyuslik hamda bahorgi  vitamin yetishmovchiligidan himoya qiladi. Obdon quritilgan reza mevalar qish boʻyi yaxshi saqlanadi. Ularni choy damlagandek damlab isteʼmol qilish mumkin.

Sogʻlom ovqatlanish qoidasiga rioya qiling. Havo harorati soviy boshlagach ovqatlanish ratsionida goʻshtli taomlarga koʻproq navbat berish kerak boʻladi. Ammo goʻsht maxsus falga qogʻozida yoki yogʻsiz dimlab pishirilgan boʻlsa maqsadga muvofiq boʻladi. Birinchi taom sifatida turli boʻtqa yoki shoʻrvalar albatta ovqatlanish ratsionidan joy olishi shart.

Shuningdek taomlarga zanjabil, qora murch, muskat yongʻogʻi kabi qizdiradigan turli ziravorlar qoʻshishni unutmasangsiz, oʻzingiz va oila aʼzolaringizni shamollashdan asragan boʻlasiz.

Qovoqda esa pektin moddasi mavjud. U inson tanasini ichaklarda yigʻiladigan  zaharli moddalardan tozalashda muhim ahamiyatga ega. Ana shu pektin moddasiga juda ham boy boʻlgan qovoq  koʻpchilik uchun sevimli mahsulotdir. Undan turli taomlar tayyorlash mumkin. Dimlab yoki gaz duxovkasida pishirib isteʼmol qilinsa u parxez taom hisoblanadi. Qovoq oʻrtacha haroratda uzoq vaqt saqlanganligi sabab undan qish boʻyi turli taomlar tayyorlash mumkin.

R. SAPAYEVA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.