Qovun — tabiatning gʻaroyib neʼmati

0
1891
marta koʻrilgan.
 
Qovun tabiatning gʻaroyib neʼmati minglab dardga davo va vitaminlarga boy mahsulot hisoblanadi. Ushbu poliz ekinini glyukoza hamda vitaminlarning sarchashmasi desa boʻladi. Qovunning kimyoviy tarkibi asosan uning naviga bogʻliq. Uning magʻzida 16-20 foyiz qand, karotin, V9, S, R vitaminlari, A provitamini, katta miqdorda foliy kislotalari va temir moddasi, pektin moddalari, turli yogʻlar va mineral tuzlar mavjudligi uning shifobaxshligiga sabab boʻlgan omillardandir. 

 Magʻzida ham, urugʻida ham isteʼmol qilish uchun toʻliq yaroqli boʻlgan 30 foyizgacha yogʻ moddalari mavjud. Qovun ovqat hazm qilish jarayoniga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, undagi foliy kislotasi qon hosil qilishda ishtirok etadi. Qovun aterosklerozda, kamqonlikda, yurak, qon – tomir kasalliklarida juda foydalidir.

Qovun kremnniyga boy. Olimlar inson hayoti va salomatligi, organizmdagi fiziologik jarayonlar meʼyorida kechishi bevosita kremniy moddasi bilan bogʻliq deb hisoblashadi. U inson organizmining qattiq toʻqimalari, terisi va sochining holatiga taʼsir koʻrsatadi. Kremniy miya poʻstlogʻiga, asab tizimiga, ichak devorlariga, oshqozon-hazm yoʻllariga va barcha ichki aʼzolar tizimiga taʼsir koʻrsatadi.

Qovunda boshqa poliz mahsulotlaridan farqli oʻlaroq S vitamini koʻproq. Undagi biriktiruvchi toʻqima moddasi ichaklar mikroflorasiga ijobiy taʼsir koʻrsatib, organizmdan xolesterin moddasini chiqarib yuborishga sabab boʻladi, ovqat hazm qilishni yaxshilaydi.

Qovun chanqoqni bosib, asab tizimini tinchlantiradi. Uning shifobaxsh xususiyatlari tarkibida V9 va S vitaminlari, temir moddasi va kaliy tuziga boyligi bilan bogʻliq. Shu sababdan ham mutaxassislar bemorlarda kamqonlik, yurak, qon – tomir kasalliklarida, aterosklerozda, buyrak va jigar kasalliklarini davolashda qovun isteʼmol qilishni buyurishadi.

Qovunning shifobaxsh xususiyatlari uning yetilib, yaxshi pishganligi bilan bogʻliq. Masalan, yetilib pishmagan qovun – sapchani yeyish oshqozon yarasi yoki gastrit kasali bor kishilarga tavsiya etilmaydi. Och qoringa ham qovun tanovul qilish tavsiya etilmaydi. Uni xatarsiz tanovul qilishning tartibi ovqat tanovul qilish orasida boʻlishi yaxshidir, bunda u boshqa tanovul qilingan oziq-ovqat mahsulotlari bilan aralashishib hazmi yaxshiroqdir.

Bugungi kunda diyetologlar qovun isteʼmol qilishni ovqat hazm qilishni yaxshilash maqsadida tavsiya etishadi. Bundan tashqari u ajoyib gijja haydovchi vositadir. Bu albatta bolalar uchun foydali.

Sharqda tabiblar qadimdan qovundan shifobaxsh vosita – dori sifatida foydalanishgan. Buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino oʻziga murojaat qilgan yurak, qon – tomir kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlarni qovun urugʻi va poʻsti bilan davolagan. Shuningdek, u buyraklarda paydo boʻlgan toshlarni chiqarib yubora oladigan xususiyatlarga ega ekanligini taʼkidlagan. U qadimdan bronxit, sil, bosh ogʻrigʻini davolashda va nafas yoʻllarini tozalashda undan tayyorlangan dori-darmonlar keng ishlatilgan. Masalan, bod kasalligini davolashda qaynatilgan qovun shirasi surkash, zahm kasalligida esa qovun urugʻi javharini isteʼmol qilish tavsiya etilgan. Alloma Ibn Sino: oʻz asarlarida qovunning urugʻi va poʻsti tomirlarni kengaytiradi, terini tozalaydi deya yozib qoldirgan. Shuningdek, yana tabiblar sultonining taʼkidlashicha, qovun urugʻi oftob urishidan saqlaydi, sepkil va bosh qazgʻogʻini yoʻqotadi. Uning obdan pishgani ham, hatto sapchasi ham siydik xaydash xususiyatiga ega. Buyrak, qovuq va jigardagi xiltlarni, toshlarni yoʻqotadi. Xalq tabobatida kamqon kasallarga ham qovun isʼtemol qilishni tavsiya qilishadi.

Yevropada keyingi yillarda organizmni qovunning sharbati yordamida tozalash keng tus oldi. Har xil ortiqcha yoqimsiz moddalar va xiltlardan organizmni tozalash uchun 20 kun davomida nahorga, kishi taʼbiga qarab, qovun sharbatiga xohlagan mevasini qoʻshib isteʼmol qilinadi. Bu davolash usulini albatta mutaxassis shifokor maslahati bilan qoʻllaniladi. Oʻzimizda esa”qovun yesang sahar yer, sahar yemasang zahar ye” degan matal mavjud. Bobolarimiz, momolarimiz saharga qovun bilan issiq non yeyishni xush koʻrishardi. Xorazmda esa gurvak qovunni non bilan yeyish anaʼanasi hamon davom etadi.

Qovunning ayollar sogʻligʻi uchun foydasi katta. Qovunda mavjud boʻlgan foliy kislotasi ayollar uchungina muhim va zarur boʻlgan moddadir. Zero, foliy kislotasiz boʻlajak ona sogʻlom boʻlish meʼyorida kechmaydi. Chunki u suyaklarni mustahkamlaydigan vositalardan biridir. Qovunda mavjud boʻlgan kremniy suyak, soch va terining sogʻlom boʻlish muvozanatini ham taʼminlaydi. S vitamini usti-ustiga davom etgan shamollashdan zaiflashgan kishilar organizmida immunitetni mustahkamlaydi.

Ortiqcha semirishning oldini oladi Uning past kaloriyaliligi ortiqcha vazndan qutilishda yordam beradi. Lekin qand kasalligi bor kishilar qovun tarkibida qand moddasi koʻp boʻlganligidan, uni ehtiyot boʻlib isteʼmol qilishlari zarur. Qovun magʻzida serotonin yaʼni – “quvonch gormoni” boʻlgan modda ishlab chiqarishga sabab boʻladigan, asablarni mustahkamlaydigan moddalar bor. Maʼyus boʻlib qolgan kishi ikki karj qovun yeb olsa, kayfiyati yaxshilanadi. Organizmni mustahkamlab, immunitetni koʻtaradi Xalq tabobati tavsiyalarida qovun urugʻi yanchib isteʼmol qilinsa, organizm mustahkamlanib, immunitet kuchayadi.

Qovun yoshartiruvchi effektga ega. Sharqda: “Qovun sochni baquvvat qilib, yaltiratadi, koʻzni oʻtkir qiladi, lablarni tarang qilib, insonga kuch quvvat beradi”, deyishadi.

Yuzga sepkil va husnbuzarlar toshganda, dogʻ tushganida 15 minut davomida yuzga qovun poʻchogʻi bilan niqob qilinadi.

Biroq baʼzi kasalliklarda tavsiya qilinmaydi. Masalan, toksikozi bor ayolga homiladorlikning birinchi yarmida bola tushishining oldini olish maqsadida uni isteʼmol etish mumkin emas. Ammo ayol sogʻlom boʻlsa, homiladorlik davri davomida ham qovun isteʼmol qilishi mumkin. 

Qovun qandli diabet xastaligiga chalingan, oshqozon, oʻn ikki barmoqli ichak yarasi, ichburugʻ, allergiya xastaligi bor bemorlarga ham tavsiya etilmaydi. Zaiflashgan ayol homiladorligining birinchi yarmida, shuningdek, emizikli ayollar qovun isteʼmol qilishi zararli. Qovun u issiq mijozli kishilarning boshini ogʻritishi mumkin. Shuningdek, allergiya, kandli diabet va boshqa kasalliklarda qovun isteʼmol qilishni cheklash kerak.

Eslatma: poliz ekinlarini yetishtirishda unga beriladigan ortiqcha azotli oʻgʻitlar qovun-tarvuzlarning ozuqaviylik va shifobaxsh xususiyatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Savdoga chiqariladigan tarvuzlar sanitariya-epidemiologiya xizmatlari tomonidan kimyoviy tahlildan oʻtkaziladi. Shuning uchun poliz mahsulotlarini xarid qilayotganda sotuvchilardan tegishli sertifikat bor-yoʻqligini soʻrang.

Fazilat Saʼdullayeva,

1-respublika tibbiyot kolleji katta oʻqituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.