Insonlar qadim zamonlardan buyon turli xil giyohlarning davolovchi va quvvat beruvchi xususiyatlarini bilishgan va amaliyotda qoʻllashgan. Xastaliklarni davolashda bugungi kimyoviy usullar boʻlmagan.
Masalan, qadimgi Misrda, Xindistonda, Xitoyda, Oʻrta Osiyoda va boshqa koʻpchilik davlatlarda tabiblar giyohlarning nimaga davo boʻlishi xaqida koʻpgina risolalar yozib qoldirganlar. Birgina yurtimiz allomasi Ibn Sinoning “Tibbiyot qonunlari” besh jildlik kitobi bunga misol boʻla oladi.
Qadimgi Tibet tibbiyotida kasallik degan soʻz ishlatilmaydi. Ularning tushunchasida, har qanday kasallik qondagi nordonlik va ishqoriylik muvozanati (kislotno-shʼelochnoy balans) ning izdan chiqishi tufayli roʻy beradi. Yaʼni, ular kasallikni inson organizmini boshqarishning asosiy biologik qonuni buzilishi oqibati deb bilishadi.
«Chjud-shi» deb nomlangan qadimiy qoʻlyozmada Tibet lamalari tomonidan tuzilgan inson organizmidagi muvozanatni tiklash uchun ishlatiladigan shifobaxsh tarkib keltirilgan boʻlib, unda IN-YAN (issiq-sovuq) nisbatiga rioya qilish asosiy tamoil boʻlib hizmat qilgan. Ushbu Tibet dorivor tarkibi 37 xil giyohdan tayyorlanib, undagi koʻpgina giyohlar bizning mamlakatimiz xududida oʻsmaydi.
Shuning uchun bizning mamlakatimiz sharoitlarida 5 xil dorivor oʻsimlikdan tayyorlangan shifobaxsh tarkib ham oʻz taʼsiriga koʻra Tibet dorivor tarkibiga bas kela oladi. Ushbu tarkib hamma uchun foydali boʻlib, barcha kasalliklarga qarshi organizmdagi muvozanatni tiklovchi va tozalovchi vosita sifatida ishlatilishi mumkin.
Bu shifobaxsh tarkibni tayyorlash uchun quyidagi giyoxlardan foydalanish kerak boʻladi: Moychechak gullari (romashka aptechnaya, svetiʼ) – 100 gramm, oʻrmon qulupnayi bargi (zemlyanika lesnaya (listiʼ) yertut) – 100 gramm, oq qayin kurtaklari (berezoviʼe pochki) – 100 gramm, choyoʻt oʻsimligi (zveroboy prodiʼryavlenniʼy (trava), dalachoy oʻsimligi, qizilpoycha) – 100 gramm, oʻlmasoʻt gullari (bessmertnik peschaniʼy (svetiʼ), boʻznoch) – 100 gramm.
Tayyorlash: Ushbu tarkiblarning 2 osh qoshigʻi ustiga 400 gramm qaynab turgan suv quyiladi va termosga ertalabgacha solib qoʻyiladi. Soʻngra uni dokadan oʻtkazib, ishlatish mumkin.
Shifosi: Organizmni tozalash bilan birga ushbu damlamalarni yurak qon-tomir kasalliklarida, gipertoniyada, nefritda qoʻllash mumkin.
Unda keltirilgan dorivor tarkiblardan foydalanishda oilaviy davolovchi shifokoringiz bilan maslahatlashib, tashxis asosida hamda tibbiy holatingizga mos ravishda u yoki bu shifobaxsh tarkiblarni ishlatishingiz zarur.
Tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach Shoira BEKCHANOVA tayyorladi.