Ramazon ayyomida roʻzadorning ovqalanish tartibi

0
477
marta koʻrilgan.

Ramazon oyida toʻgʻri ovqatlanish haqida bilish juda muhimdir! Sogʻlom ovqatlanish va oshqozon ichak tizimi salomatligini saqlash uchun quyidagi tavsiyalarga amal qiling:

Taomlanishni xurmodan boshlang. Nega? Xurmo — bu roʻza paytida kun davomida energiya bilan taʼminlaydigan uglevodlarning manbai hisoblanadi. Xurmo mevasi tolalari ovqat hazm qilish jarayonini tartibga soladi. Bundan tashqari, xurmo magniy va kaliyga boy.

Koʻp miqdorda suv iching. Ayniqsa, issiq havoda tanangizni suv bilan taʼminlash uchun yetarli miqdorda suv ichish juda muhimdir. Kun davomida chanqamaslik uchun ogʻiz ochilgandan keyin va saharlikdan oldin yetarlicha suv iching. Har bir kilogramm tana vazniga 30 ml suv ichish meʼyor qilib olingan. Shundan kelib chiqib, tana vazningizni 30 ga koʻpaytirsangiz, sutkalik suvga boʻlgan ehtiyoj kelib chiqadi. Masalan, 70 kg boʻlsangiz, (70x30) 2100 ml (2,1 l) suv ichishingiz kerak boʻladi

 Chanqatadigan ovqatlar va mahsulotlardan saqlaning. Tuzli ovqatlar, konservalar, tuzlangan yongʻoqlar, bodringlar, baliqlardan saqlaning. Bundan tashqari, ziravorlarga boy ovqatlardan saqlaning, chunki ular sizda chanqoq hissini chaqiradi. Koʻproq meva va sabzavotlarni isteʼmol qiling, ular organizmning suv zaxiralarini yangilaydi va toʻldiradi.

Shoshmasdan, qayta-qayta chaynab iftorlik qiling. Uzoq muddatli ochlikdan soʻng, tanaga katta miqdordagi oziq-ovqat tushishi – stressdir. Moʻtadil boʻlishga harakat qiling, iftorni xurmo, suv bilan boshlang, keyin shoʻrva, salat yeyishingiz mumkin. Iftorni iliq shoʻrva bilan boshlash roʻza tutgandan keyin eng yaxshi ovqat boʻlib, organizmning ozuqaviy moddalarini toʻldiradi va tanani ogʻirroq ovqatlar uchun tayyorlaydi. Bir muncha vaqt oʻtgach, asosiy taomga oʻting. Ortiqcha ovqatlanish ovqat hazm qilishda muammolar va oshqozon ogʻrigʻiga sabab boʻlishi mumkin. Asosiysi turli hil ovqatlarni aralashtirib yubormang.

Vitaminlarga boy tarzda ovqatlaning. Taomingizda barcha kerakli nutriyentlar mavjudligiga ishonch hosil qiling. Iftorda oqsillar, sabzavotlar, yormalar, mevalar va foydali yogʻlar kabi ovqatlar boʻlishi kerak.

Sogʻlom ovqatlarni tanlang. Ratsioningizda don, yormalar, tovuq goʻshti, yogʻsiz goʻsht, baliq, zaytun moyi va mevalar boʻlishi kerak. Qovurilgan, shoʻr va yogʻli ovqatlardan saqlaning. Goʻsht, dukkaklilar, tuxum va sut mahsulotlari oqsilga boy. Ushbu oziq-ovqat mahsulotlaridan kamida bittasini har kuni isteʼmol qilishingiz kerak.

Shirinlikning kami yaxshi. Iftordan keyingi shirinliklar qorinda gaz toʻplanishiga sabab boʻladi va ovqat hazm qilishni buzadi. Bundan tashqari, u qondagi glyukoza miqdorini oshiradi, bu esa shirinliklarga boʻlgan ehtiyojni yanada oshiradi. Shuning uchun iftorlikdan 2–3 soatdan keyin shirinliklarni isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Shirinliklarni foydaliroq mahsulotlarga: xurmo, quruq mevalar, shirin mevalar bilan almashtirish kerak.

 Qahva (kofe) ichishdan tiyiling. Ramazon oyida bosh ogʻrigʻi va uyqusizlikka yoʻl qoʻymaslik uchun kofe isteʼmol qilishni kamaytirishga harakat qiling.

Kuniga uch marta ovqatlanish. Ramazon oyida ham kuniga uch mahal ovqatlanish muhim ahamiyatga ega, bunda iftorlik, saharlik va ular orasida yengil tamaddi qilib olish kerak. Oʻrtada asosan meva va sabzavot salatlari boʻlgani maʼqul.

Azizlar, roʻza ayyomingiz muborak boʻlsin. Alloh orzu-niyatlaringizni ijobatini bersin!

Fazilat SAʼDULLAYEVA tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.