Xalqimiz rayhonni azal-azaldan sevib isteʼmol qiladi. Ovqatlarga, choylarga shifobaxsh koʻkat sifatida ishlatib keladi. Hovlilarga ekib, quloqqa taqib olishadi. Albatta, bu beʼjiz emas. Darhaqiqat u havoni va odam vujudini yuqumli kasallik tarqatuvchi mikroblardan va infeksiyalardan tozalaydi. Shuning uchun ham uni jannat guli- rayxon, deya eʼzozlashadi.
Tomoq ogʻriganda: 4 qoshiq maydalangan rayhon bargini 250 ml qaynagan suvga solib 20 daqiqa qaynatib, sovugach suzib olib, kun davomida 2-3 marta iliq holda tomogʻingizni chaying.
Qovoqlar shamollaganda: 2 qoshiq maydalangan rayhon barglarini 500ml qaynagan suvga soling va sovutib suzgichdan oʻtkazing. Malhamga dokani botirib qovoqlaringiz ustiga qoʻying.
Bosh ogʻrigʻida: Rayhon, mavrak, limonoʻtni teng miqdorda olib, 1 choy qoshigʻini 200ml qaynagan suvda 20 daqiqa damlang va suzib olgach, 1 choy qoshiq asal bilan aralashtirib iching. Ushbu sharbat tinchlantirish xususiyatiga ham ega.
Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach