Inson organizmida ruh (sink) darmondorisi tanqisligida qaysi kasalliklar kelib chiqadi va unday paytda qaysi mahsulotlarni koʻproq isteʼmol qilish kerak? Ushbu savollarga javobni tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach Shoira Bekchanova suhbati asosida tayyorladik.
Ayni kunlarda koronavirusga chalingan bemorlarga ruh (sink) darmondorisi tavsiya etilmoqda. Nega? Chunki, ushbu modda kishi organizmida miqdoridan kam boʻlsa tez-tez shamollash alomatlari kuzatiladi. Shuning uchun ham koronavirusga chalinganlarga bu darmondori tavsiya etilmoqda. Yana odam organizmida sink moddasi yetarli boʻlmasa avvalo sezish qobiliyatlari – koʻrish, hidlash, taʼm bilish izdan chiqadi.
Bu esa oʻz navbatida ishtaha yoʻqolishiga, ovqat hazm qilishning buzilishiga, shapkoʻrlik kabi kasalliklarga olib kelishi mumkin. Tushkun kayfiyat, charchoq, hayotga boʻlgan qiziqishning soʻnishi rux yetishmasligining asosiy belgilaridir. Soch toʻkilishi, tirnoqlarda oq dogʻlar paydo boʻlishi, dermatit va yaralarning sekin bitishi, suyaklarning moʻrt boʻlib, revmatizm va artrit kasalliklari kelib chiqishi, naslsizlik, bolalarda pakanalik ham ruh yetishmasligi tufaylidir.
Shuningdek, ruh tanqisligi homilador ayollarda, oshqozon-ichak dardi bor odamlarda, vegetirian kishilarda hamda spirt ichish dardiga yoʻliqqanlarda koʻp uchraydi.
Ushbu darmondorining bir kunlik meʼyori erkaklar organizmi uchun 11 mg, ayollar uchun esa 8 mg dir.
Sink moddasini oʻzida saqlaydigan mahsulotlar va ulardagi miqdorlar bilan tanishing:
Dengiz mahsulotlarining 100 grammida 78, 6 mg ruhmavjud. Bu bir kunlik meʼyordan besh baravar ortiqdir. Shuning uchun ushbu mahsulotlarni tez-tez isteʼmol qilish mumkin emas. Xalqimiz “oyda baliq, yilda kalla” degan matalni bejiz aytmagan. Yaʼni har oyda bir marta baliqli taomlar bilan ovqatlanish kerak.
Goʻsht mahsulotlarini tez-tez isteʼmol qilib turish ham ushbu darmondoriga boʻlgan talabni taʼminlaydi. Mol, qoʻy, qoʻyon, tovuq kabi goʻshtlar ham ushbu moddaga boy hisoblanadi. Masalan, 100 gramm mol goʻshtida – 12,3 mg sink mavjud.
Kapakli un ham ushbu neʼmatga moʻl manbalardan biridir. Uning 100 grammida – 16, 7 mg ruh darmondorisi mavjud. Uni turli pishiriqlarda ishlatish maqsadga muvofiqdir.
Koʻkatlar va ismaloq. Ismaloq – mazkur vitaminni oʻzida asrovchi barcha koʻkatlarning “sultonidir”. Ushbu koʻkat yana A Ye K hamda kalsiy, temir, magniy va kaliy kabi darmondorilarni oʻz ichiga oladi. Ismaloqning 100 grammida 0, 8 mg ruh mavjud. Navroʻzi ayyomda momolarimizning koʻkatlardan pishiriqlar tayyorlashi qadimiy goʻzal anʼana boʻlib, “qari bilganni pari bilmaydi” degan matal ham bejiz emas.
Qovoq urugʻi, kunjut, kungaboqar ham juda foydali. Ularning 100 grammida 10, 3 mg ruh mavjud.
Yongʻoqlarning turlari juda koʻp va barchasida ushbu vitamin moʻl. Ularning 100 grammini isteʼmol qilsangiz 5, 6 mg ruh bilan toʻyingan boʻlasiz.
Kakao va shokolad faqat mazali boʻlibgina qolmay juda foydalidir. Kakao kukunining 100 grammida 6, 8 mg ruh saqlanadi. Shokoladning oʻshancha miqdorida 9, 6 mg ruh mavjud
Sabzavotlar (karam, kartoshka, sabzi, qovoq) va noʻxot laviya kabi dukkakli don oʻsimliklari ham ruh manbaidir.
Sut mahsulotlari (qatiq, pishloq, brinza, yogurt) ham ushbu neʼmatga boy manba hisoblanadi. Ayniqsa qatiq juda foydalidir. Uning 100 grammida 3 mg ushbu darmondori mavjud.
Mevalarda ham ruh moddasi mavjud, biroq, kishi vujudiga etarli darajada boy deb boʻlmaydi. Ayniqsa, ona yurt neʼmati boʻlmish anor, maymunjon, xoʻjagʻat, doʻlana kabi mahsulotlarda boshqa mevalarga nisbatan koʻproq.
Xulosa qilib shuni aytamizki, inson immunitetining holati shu mineralga bogʻliq boʻlib, shamollash, gripp va koronavirusning dastlabki belgilari namoyon boʻlganida vitamin S bilan birga ruh tavsiya etiladi.
Gujum.uz
Tahririyatdan: Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi granti asosida uyushtirildi.