Inson sadaf tishlarimga zarar yetmasin desa, oʻrganib qolgan baʼzi zararli odat-u harakatlardan voz kechishi kerak. Ular qay holatlar?!
Qalam uchi yoki koʻzoynak dastasini tishlash .Odatda, baʼzi kishilar fikrlash jarayonida bexosdan qalam yoki ruchka uchini tishlanaveradi. Natijada tishlarda kichik yoriqlar — qora dogʻlar yuzaga keladi. Sabab – tishlangan vosita orqali ogʻiz boʻshligʻiga bakteriyalar osonlikcha joylashib oladi.
Pista chaqish. Pistalar tishni yemiradi va u asta-sekinlik bilan amalga oshadi. Muntazam chaqilgan pista tufayli tishlarda sezilarli darajada yemirilish hosil boʻladi. Shu birga pista chaqish odati milklarga ham zarar beradi, ogʻiz boʻshligʻida yuqumli kasalliklarni qoʻzgʻatadi. Agar bu odatdan voz kechish qiyin boʻlsa, pista chaqilgandan soʻng tishlarni tozalab yuvish kerak.
Tish tozalagichdan foydalanish oʻz qoidasi mavjud. Tish tozalagichlar ovqat tanovulidan soʻng ishlatiladi. Ammo ularning zarari ham bor, milklarni shiladi va qonashiga sabab boʻladi. Stomatologlar bu kabi vositani samarali deb hisoblamaydi, chunki yogʻoch tish tozalagichlar sinib, tish orasida qolib ketishi ham mumkin. Iloji boricha tish tozalayotganda ularni tish orasiga chuqur tiqib tozalash kerak emas.
Tishlarning orasini ip bilan tozalash. Albatta, iplar yordamida tishlarni orasini ochish oson. Doimo vaqti stomatolog huzurida oʻtishini istaganlar va mablagʻiga achinmaydiganlar ushbu odatni bajarishi mumkin.
Tishni gʻichirlatish. Uyquda tishlarni bir-biriga ishqalash yaʼni gʻichirlatish koʻpchilikda uchraydigan hol. Bu holatda tishni qoplab turuvchi emal yemiriladi, kasallik vujudga kela boshlaydi. Shuningdek, tishlarini gʻichirlatuvchilar uyqudan turgandan soʻng oʻzlarini yomon his qiladi bosh ogʻriydi. Bu kabi holatda shifokorlar bemorlar uchun maxsus ogʻizga taqiladigan moslamani tavsiya qilishadi. Ushbu salbiy odatga ega insonlar darhol shifokor koʻrgidan oʻtishi lozim, chunki qandaydir kasallikning belgisi boʻladi
Tilga zirak taqish. Ayni paytda yoshlar orasida tilga va labga zirak taqish urfga aylangan. Stomatologlarnig fikricha, bu zararli odat tishning sinishi va yuqumli kasalliklarning rivojiga sabab boʻladi.
Tirnoq chaynash. Tirnoq chaynash odatining inson organizmiga zararlari koʻp. Birinchidan, qoʻldagi bakteriyalarning asosiy qismi tirnoq ostida joylashgan va ular tishlash orqali ogʻiz boʻshligʻiga oʻtadi. Ikkinchidan, tishlarda yoriqlar paydo boʻladi va bu ularning yemirilishiga olib keladi. Uchinchidan, tirnoqni tishlash jarayonida jagʻning pastki qismi oldinga chiqadi va bu odat sababli pastki jagʻning tepa qismiga qaraganda oldinga koʻproq oʻsib ketishi kuzatiladi. Toʻrtinchidan oshqozon-ichak kasalligi kelib chiqadi.
Tishlarni qattiq choʻtkada yuvish. Tishlarni bir kunda ikki marta yuvish – eng yaxshi odatlardan biri, ammo haddan tashqari qattiq choʻtkada ortiqcha bosim bilan milklar qonaguncha ishqalash esa koni zarar. Bu orqali tishning emali yemiriladi va milklar kasal topadi. Tishlarni tozalashda yumshoq yoki oʻrtacha qattiqlikdagi choʻtkalardan foydalanish tavsiya etiladi.
Ogʻizni ochib uxlash. Uxlaganda ogʻizning ochiq holda boʻlishi suyuqlik miqdori kamayib, kislotalilikni oshishiga sabab boʻladi. Natijada kariyes va tish emalining koʻchishi kuzatiladi.
Tishlarim sadafdek yaltirab tursin desangiz, sogʻlom turmush tarziga eʼtibor bering. Ayniqsa siz hurmatli ota-onalar bolalaringizni salbiy holatlardan voz kechishga oʻrgating, ahamiyatini tushuntiring.
Fazilat SAʼDULLAYEVA tayyorladi.