Bugungi kunda jahonda 18 yoshgacha boʻlgan yoshlarning 1,9 milliard nafari ortiqcha vaznga ega. Ularning 40 foizi qizlar, yaʼni boʻlgʻusi onalardir.
Jahon Sogʻliqni saqlash tashkilotining Bolalar semizligini tugatish boʻyicha komissiya 2016 yilda eʼlon qilingan hisobotda besh yoshgacha boʻlgan 41 million bola semirishdan yoki ortiqcha ogʻirlikdan aziyat chekayotganini bildirdi.
1990-2014 yillarda 5 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻrtasida ortiqcha vaznga ega 4,8 dan 6,1 foizga oʻsdi. 2025 yilga borib, ularning soni 70 millionga yetishi kutilmoqda. Semizlik barcha kasalliklarni chiqaruvchi hisoblanadi.
JSST Bolalar semizligini tugatish boʻyicha komissiya hamraislari Ser Piter Glakmen va Soniya Nishtarning taʼkidlashicha, nosogʻlom oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmolining ortayotgani va turli xil rangdagi kimyoviy moddalar solingan ichimliklarning zoʻr berib reklama qilinayotgani bu holatning asosiy sababi boʻlmoqda.
Aziz onajonlar, kimyoviy modda solingan ichimliklarni iloji boricha bolalaringizga bermang. Hozir tortlarning ustini ham turli xil rangli kimyoviy bezaklar bilan bezash urf boʻldi. Bu ham bola uchun hazmi taom emas. Farzandingizni tabiiy mahsulotlar bilan ovqatlanish koni foyda ekanligiga oʻrgating. Ona Zamin bagʻrida yetishtirilgan yurtimiz neʼmatlari salomatlik garovidir. Kelinjonlar, tort ustlarini ham yurtimizda yetishtirilgan mevalar bilan bezasangiz ham ishtahali ham salomatlikka koni foyda boʻladi.
Shuningdek, ertalab ovqatlanishdan yarim-bir soat avval toza suv ichishni kun tartibiga kiriting. Yana nonushtagacha badantarbiya mashqlari bilan shugʻullaning. Qadimiy qadriyatlarimizga monand ertalab hovlini va uy atroflarini supiring, suv seping. Gullarni sugʻoring, rayxonlarga suv sepib iforini chor atrofga tarating. Goʻzallikdan bahramand boʻling.
Buyuk rus yozuvchisi Lev Tolstoy boyvachcha boʻlib, yuzlab gektar yerlari, oʻrmonu bogʻlari boʻlgan. U ijodiy ishlab toliqqanida dalaga chiqib, dehqonlari bilan birga yer chopgan. Aqliy mehnatni jismoniy mehnat bilan almashtirib turishning foydasini bilgan. Darhaqiqat, serharakatlik salomatlik garovidir!
Raʼno ZARIPOVA tayyorladi.
Tahririyatdan: Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi granti asosida uyushtirildi.