Shamollashni xalqona davolash boʻyicha oʻnta tavsiya

0
76251
marta koʻrilgan.

Shamollash alomatlaridan qisqa muddat ichida shifo topishning xalqona  yoʻllari bilan tanishing.  U ham arzon ham oson bajariladi. Eng asosiysi barcha muolaja tabiiy mahsulotlardan iborat boʻladi.

Birinchidan, dam olishga alohida eʼtibor berish kerak. Yozda shamollash qish kezlaridan ham ogʻir kechadi. Yoz xastasi qish xastasidan yomon, deydi xalqimiz. Shamollagan kishi birinchi navbatda hamma ishni surib qoʻyib dam olishi, yotishi kerak. Shunda organizm butun kuchini tuzalishga sarflaydi.

Ikkinchidan, vitamin C ga boy mahsulotlardan kuni bilan isteʼmol qilib yuring. Limonli va malinali choy, klyukva sharbati, naʼmatak damlamasini kuniga kamida 3 litrdan ichsangiz maqsadga muvofiq boʻladi.

Uchinchidan, behi yoʻtal bilan kechayotgan shamollashga koni foyda. Bir dona katta behini olib ikkiga boʻlasiz. Har bir qismining oʻrtasidagi urugʻlarini tozalab, chuqurcha yasaysiz. Chuqurchani asal toʻldirib, duxovkada past olovda 1 soat davomida dimlaysiz. Behi juda yumshab rangi toʻq sariq boʻlib qoladi. Issiqligida isteʼmol qilsangiz yoʻtalingiz tez oʻtadi.

Toʻrtinchidan, namokob suv burun oqishini toʻxtatadi. Shuning uchun kuniga kamida 5 marta burningizni namokob suv bilan chaying. Buning uchun katta 20-40 mllik shpritsga namokob suvni toʻldirib, boshingizni bir tomonga engashtirib burunning bir teshigiga quyasiz. Shunday boʻlsinki namokob suv burunning bir teshigidan kirib, ikkinchi teshigidan chiqsin. Keyin boshqa burunga shunday tarzda quyasiz. Ogʻiz ochiq turishi kerak. Namokob suv oʻzi bilan burundagi suyuqlikni ham olib chiqib ketadi.

Beshinchidan,  burun bitib qolgan boʻlsa, u holda yalpiz, rayhonga boy soʻrgʻich konfetlarni soʻrib yuring. Yalpiz, rayhon, sarimsoq, piyoz yoki evkalipt moyini hidlash ham yaxshi taʼsir koʻrsatadi. Bularni qay birini xush koʻrishingizga qarab ishlatasiz.

Oltinchidan, oyoqlaringizni kuniga kamida 3 marta issiq vannada ushlab oʻtirish ham  shifo boʻladi.  Suv teri kuymaydigan darajada issiq boʻlishi kerak. Yoki uni tirsakingiz bilan oʻlchab koʻrish mumkin. Tirsakingizga moydek yoqsa oʻsha suv maʼqul. Togʻaradagi suv sovigan sari issiq suvdan oz-oz qoʻshib turing. Terlaguncha oʻtirish lozim. Imkoniyat boʻlsa, nafaqat oyoqlar, balki butun badanni parli vannada ushlab tursangiz yaxshi natija beradi. Biroq, homilador ayollarga va ayrim bemorlar uchun ushbu muolaja man etiladi. Bu borada uchastka vrachingiz bilan maslahatlashing.

Yettinchidan, meva va sabzavotlarni koʻp-koʻp isteʼmol qilish kerak. Chunki ular darmondorilarga yaʼni vitaminlarga moʻl. Sabzavotli qaynatma shoʻrvalar juda-juda foydalidir. Yogʻli, qovrilgan hamda  xamirli ovqatlar, shirin pishiriqlar davolanishni choʻzib yuborishi mumkin. Oz-oz, tez-tez suyuq ovqatlar  isteʼmol qilish maqsadga muvofiq.

Sakkizinchidan, uy tovuqining suyakli goʻshtlaridan tayyorlangan shoʻrvani achchiq muruch bilan yeb, issiq oʻranib, dam olsangiz badaningiz ancha yayraganini sezasiz, uvishib turgan vujudingiz tetiklashadi.

Toʻqqizinchidan, dumba yogʻining  hidi yoqimsiz boʻlgani bilan uning foydasi katta. Eritilgan dumba yogʻini qoʻlingiz uchiga olib tavoningizga ishqalab surting. Massaj qilsangiz ham boʻladi. Issiq paypoq kiyib dam olib oʻtiring. Terlab badandagi shamollash alomatlari yoʻqoladi. Mabodo, yurak-qon tomir  kasalliklari mavjud boʻlsa, bu muolaja ogʻirlik qilishi mumkin. Bu borada vrach bilan maslahatlashing.

Oʻninchisi, yaxshi kayfiyat ila yashashga intilish. Deyarli barcha kasalliklarning asosi insonning psixologik holatidir. Inson qanchalik oʻzini ruhan tetik his qilsa, uning jismoniy salomatligi shunchalik mustahkam boʻladi. Demak, shamollaganda faqat yaxshilikni oʻylab, xush kayfiyatda boʻlish lozim. Kayfiyatingizni koʻtarish uchun oʻzingizga yoqadigan musiqani qoʻyib raqsga tushing.  Orombahsh musiqa ostida yengil badan tarbiya bilan shugʻullaning.

Atrofdagilar bilan ham xushmuomala boʻling.  Shunda  yaqinlaringiz ham siz bilan yaxshi muomalada boʻladi. Eʼtiborini ayamaydi. Davolanish uchun xushkayfiyat juda muhimligini yana bir bor taʼkidlaymiz.

Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.