Xalqimiz tabiiy dala mahsulotlarini milliy taomlarda koʻp va xoʻp ishlatadi. Chunki ularning har biri shifobaxsh xususiyatga ega. Jumladan, xushtaʼm sholgʻom suyuq va quyuq taomlarda keng qoʻllaniladi. Hatto, palovga ham qoʻshiladi-ki, u ilikdek jonga malham boʻladi.
100 gramm sholgʻomning kaloriyasi 30 kkalga teng. Uning tarkibida karotin, A, V1, V2, V5, V6, V9 (foli kislotasi) kabi koʻpgina vitaminlar guruhi, K, S va RR singari kletchatkalar hamda kaliy tuzi, magniy, kalsiy, fosfor, temir, oltingugurt, mis, natriy, marganets va yod moddasi mavjud.
Sholgʻom tarkibi mikroelementlar, uglevod va vitaminlarga juda boy. Ushbu sabzavotda juda kam uchraydigan glyukorafanin moddasi mavjud. U diabet va saratonni davolashga yordam beradi. Uning tarkibida rediskaga nisbatan fosfor koʻp. Karamga nisbatan esa S vitamini bisyorligi bilan alohida ajralib turadi.
Sholgʻom jigar faoliyatini yaxshilaydi. Oʻt pufagi suyuqligi ishlab chiqarilishini meʼyorlashtiradi. Qovuqda toshning paydo boʻlishiga toʻsqinlik qiladi. Tarkibidagi sellyuloza ichaklar faoliyatini faollashtiradi. Meʼda-ichak tizimi faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Qolaversa, qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi.
Qadimdan sholgʻom sil va moxov kasalligining oldini oluvchi sabzavot sanalgan. Undan tayyorlangan murabbo immunitetni koʻtaradi. Sholgʻom qaynatmasi esa angina (bodomcha bezlari yalligʻlanishi) va tish kasalliklarida foydalidir.
Bu sabzavot pishirilganda uning shifobaxshligi yanada ortadi. Chunki, sholgʻom pishirilish jarayonida undagi glyukozid moddasi xantal moyiga aylanadi. U ishtahani yaxshilaydi.
Shoira Bekchanova tayyorladi