Sabzavotlarning sultoni sholgʻom qadimdan koʻpgina xastaliklarga davo sifatida ishlatilgan va uning ogʻriq qoldiruvchi, yaralarni bitiruvchi, shamollashlarga qarshi kurashuvchi, peshob haydovchi hamda antiseptik xususiyatlari mavjud. Uning tarkibi S, V1, V2 darmondorilari va kletchatka, karotinga juda boy.
Ibn Sinoning «Tibbiy oʻgitlar» asarida sholgʻom haqida shunday deyiladi: «Semiz goʻsht bilan pishirilgan sholgʻom koʻkrakni va tomoqni yumshatadi. Sholgʻomning qaynatmasini podagra kasaliga qoʻyilsa, koʻp manfaat yetadi, goʻsht bilan qaynatilgani esa belni qizdiradi, peshobni haydaydi. Uning yaprogʻini yeyilsa ham peshobni yurishtiradi».
Nafas qisishini davolashda qaynatib pishirilgani koni foyda. Orasiga sariyogʻ va asal solib qasqonda pishirilgani koʻkrakni yumshatadi.
Tomoq ogʻriganda sholgʻom qaynatilgan suv bilan gʻargʻara qilmoq kerak. Eziltirib pishirilgani simillab ogʻriyotgan joylarga bosilsa, ogʻriqni qoldiradi.
Uy sharoitida sholgʻomdan qaynatma tayyorlash. Ikki osh qoshiq mayda toʻgʻralgan sholgʻom ustiga bir stakan suv quyib, 15 daqiqa qaynatiladi va shamollaganda chorak stakandan ichiladi. Sholgʻom va uning sharbatidan yoʻtal, ovoz boʻgʻilishi, astma kasalliklarini davolashda foydalanilgan. Sholgʻom isteʼmol qilinganda asablarni tinchlantiradi, yurak ishini meʼyorlashtiradi.
Abu Ali ibn Sino sholgʻom urugʻidan tayyorlangan dorilar bilan qovuq va chovdagi shishlarni yoʻqotgan, koʻz xastaligini davolab, koʻrish quvvatini yaxshilashda ham qoʻllagan.
Sholgʻom ichaklarga salomatlik bagʻishlovchi ajoyib vosita hamdir. Biroq ichaklarda yalligʻlanish kuchayganda, oʻtkir va surunkali gepatit hamda xoletsistitda, markaziy asab tizimi kasalliklarida sholgʻom isteʼmol qilish tavsiya etilmaydi.
Sholgʻomli muolajalar. — Sholgʻom burun boʻshligʻidagi hamma shilliqlarni tozalab chiqarib tashlaydi. Buning uchun 200 g sholgʻom qirgʻichdan oʻtkazilib, kuniga ikki marta xomligicha isteʼmol qilinadi. Kamida bir soat boshqa narsa yemaslik, ichmaslik lozim. Davolanish jarayonida har kuni 2 marta ikki piyoladan qatiq ichish kerak. Qovuriligan, yogʻli ovqatlar, kabob va sut vaqtincha isteʼmol qilinmaydi. Burunga kamida ikki marotaba 2-3 tomchidan sholgʻom suvini tomizish kerak.
Sholgʻom qaynatmasi isitma baland boʻlganda hamda yurak bezovtalanganda ichiladi. Buning uchun 2 osh qoshiq maydalangan sholgʻom ustiga bir stakan qaynoq suv quyib, 15 daqiqa qaynatiladi. Sovigach, isitmani tushirish uchun chorak stakandan ichib turiladi.
Oʻpka va nafas yoʻllari kasalliklarida sholgʻom suvining asal bilan aralashmasi yoʻtal qoldiruvchi vosita hisoblanadi. Buning uchun sholgʻom sharbatini kuniga 3-4 mahal bir osh qoshiqdan ichish lozim.
Tinchlantiruvchi malham tayyorlash uchun bir osh qoshiq maydalangan sholgʻom ustiga bir stakan qaynoq suv quyib, 1 daqiqa qaynatiladi. Bunday qaynatmadan uyqu oldidan bir stakan ichilsa, tinchlantiruvchi dori sifatida taʼsir koʻrsatadi.
Xalq tabobatida uyqusizlikni davolashda ham qoʻllaniladi. Ikki oshqoshiq toʻgʻralgan sholgʻom ustiga bir stakan qaynoq suv quyib, 15 daqiqa qaynatiladi va chorak stakandan ichiladi.
Sholgʻom bargida kalsiy miqdori juda moʻl. Uning bargidan tayyorlangan sharbatni sabzi va qoqioʻt sharbatlariga qoʻshilsa, tishlar va suyak toʻqimalarini mustahkamlovchi ajoyib malham hosil boʻladi. Agar, sholgʻom bargi sharbatini selderey va sabzi sharbatlariga qoʻshib isteʼmol qilinsa, oshqozon kislotasini kamaytirishda davo boʻladi.
Fazilat SAʼDULLAYEVA, farmatsevt