Sizga tahsin, olqish, ey shifokorlar!

0
883
marta koʻrilgan.

Shu kunlarda butun Oʻzbekiston ahli mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bayramini nishonlamoqda. Har yili bu ayyom eng ulugʻ va aziz bayram sifatida keng miqyosda va koʻtarinki kayfiyat bilan oʻtkazilar edi.

Afsuski,  oʻtgan yil mart oyida boshlangan pandemiya oson kechmadi, sinovli damlar boshimizga tushdi. Pandemiya butun insoniyatning ongini oʻzgartirib yubordi. Oʻtgan bir yarim yil katta sinov davri boʻlib,  har bir inson ruhiyatidan oʻtgan kechinmalar asrga tatigulik boʻldi. Sinovli kunlarda dunyoning  ishlaridan, hukumatdan, tibbiyot sohasi vakillaridan norozi kishilar ham boʻldi. Hatto, tibbiyot xodimlarini tutib olib kaltaklash holatlari ham kuzatildi. Biz hodisalar bilan ijtimoiy tarmoqlarda tanishib bordik.

Shuningdek,  hukumatimizning tezkor siyosatini qoʻllab-quvvatlaganlar, barchaga birdek muruvvat koʻrsatib olqish olgan ogʻir damlarda saxovati-yu mehrini ayamay xayriya ulashgan tadbirkorlar, ogʻir vaziyatda haqiqiy qahramonlik koʻrsatgan tibbiyot sohasi vakillariga tasanno aytganlar  ham koʻp boʻldi. “Kengga keng, torga tor dunyo” deb shunga aytadida xalqimiz!

Toʻgʻri, har kim oʻzidan oʻtganini oʻzi biladi. Biroq, bir daqiqa toʻxtab, boshimizga tushganlarni oʻylab koʻrsak, bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Hamisha Alloh armugʻon etgan damlarni qadriga yetib, shukrona bildirib yashashni oʻrganishimiz kerak ekan. “Har neki boʻlsa shukr qil, buning ortida senga hidoyat bordir”, deydi donishmandlar ham.

Darhaqiqat, bu hayot hamisha imtihon, sinovligini, gohida  oftob  charaqlab gohida, doʻl yogʻib, gohida yer yuzini qirov qoplashini kuzatganmiz. Lekin, sinovlarni oʻz boshingdan oʻtkazish kishini sabrli boʻlsa, kuzatuvchan boʻlsa yanada chiniqtirar ekan. “Yogʻiy dushman  doim ochiq urush bilan, tugʻ bilan, tigʻ bilan kelmas ekan”, degan fikrlar koʻnglimdan oʻtdi oʻzim koronavirusga chalinganimda.

Poytaxtdagi 1- Respublika klinik kasalxonasiga tushdim.   Joylashib ulgurar ulgurmasimdan  “maxsus kiyimlarga” burkangancha vrach kirdi. Faqat koʻzi koʻrinadi xolos. Uni ismi sharifini koʻksiga osilgan yozuv orkali bildim.

Poytaxtdagi 1- Respublika klinik kasalxonasining terapiya boʻlimi boshligʻi Ulugʻbek Salayev kelayotgan har bir bemorlarning dardiga nafakat dori darmon kasbiy mahorati tajribasi, balki, shirin soʻzlari bilan xam malham boʻlayotgani, ularni sogʻlom hayot, oilasi bagʻriga kaytarish kabi ezgu maksad yoʻlida  tinmay mehnat qilayotganini faxmlash, payqash qiyin emasdi.  Vrachning har bir bemorga koʻrsatayotgan alohida eʼtibori, samimiyligi, ovozidagi yaqiniga bildiradigan mehribonona ohang meni kayfiyatimni koʻtardi. “Shirin soʻz, jon ozigʻi” degani shuda koʻnglimdan oʻtdi.

Palataga olgan zahoti   navbatchi vrach  Jamshid Matchanov kirib keldi,  u bizning har birimizdan hol-axvol soʻrab, tavsiyalar berar ekan, bu yosh, sergʻayrat xushmuomala vrachning siymosida xalkimiz salomatligi yoʻlida mehnat kilib kelayotgan tibbiyot xodimlari zimmasiga oʻta masʼuliyatli, shu bilan birga sharafli vazifa yuklanganini yana bir bor his qildim.  

Keyin yana oʻsha “maxsus kiyimlar”da doridarmonlarni koʻtarib, hamshira Dilafroʻz Teshaboyeva kirib kedi. Uning havo oʻtkazmaydigan kiyimlariga qarab, qanday chiday olayotgan ekan bu “kosmanovtlar” fikri oʻtdi xayolimdan. Hamshira ham juda shirinsuxon, suhbatijon ekan undan  bemorlarga muolaja koʻrsatish jarayonida shifokorlarning oʻzlarini bu kasalga chalingan chalinmaganligi bilan kizikdik. Ushbu kasalxonaning terapiya boʻlimi boshligi Ulugʻbek Salayev ham  oʻz xalovatidan kechib yurtdoshlarimiz salomatligi yoʻlida kunni tunga ulab fidokorona mehnat qilayotgan insonlardan ekanini, kasal boʻlib oʻtganligiga qaramay, kasbiga fidoyiligi tufayli yana vazifasiga kaytib ishini davom ettirayotganini,  shuningdek, jonkuyar insonlardan biri, oʻzining bilim va saloxiyati, professional mahoratini namoyon etayotgan, oʻz ishiga sodik vrach Jamshid Matchanov  koronavirusni davolash  boʻyicha katta tajribasi borligini, koronavirusni davolash boʻyicha klinikalarda oʻz tashabbusi bilan birinchi kundan ishlab tajriba toʻplaganligini, isʼtedodli va tajribali    vrach sifatida bu yoqqa taklif etilganligini bilib oldik. Maxsus “skafandr” kiyimda ham tim qora qoshlari charos koʻzlari bilan  ajralib turgan  ushbu shirinsoʻz xamshira samimiy jilmayib tez kunda otdek boʻlib ketasizlar deya, koʻnglimizni koʻtarib ham qoʻydi. Hamshiraning dardga malham boʻluvchi soʻzlari bilan dardimizni ham unutdik.

 Oshxona xodimasi   bir kunda “assalomu alaykum” deya bir necha marta kirib, bizga mehribonlik bilan, bemorlarga moʻljallangan ovkatlarni ulashib ketardi. Hamma ovqatlar bir martalik idishda boʻlib, bemorlar issiq ovqat-u salatlar hamda, shirinliklar bilan taʼminlanmoqda. Har soatda, “choy, suv zarurmi?” deya soʻrab tez-tez xabar olishadi.

Ozodagarchilikka masʼul hamshira- sanitarkalarning esa  bir kunda bir necha marta kirib xonalarni tartibga keltirishda oʻz ishini sidkidildan bajarayotganini koʻrib ulugʻlarimizning “Tibbiyot barcha sanʼatlar ichida eng ulugʻidir” degan soʻzlari xayolimdan oʻtdi. Hayotini va sogʻligʻini xavfga qoʻyib, yuzaga kelgan murakkab va sinovli kunlarda mavjud xatarlarga karshi kurashayotgan ana shunday ogʻir sharoitda ishlayotgan, fidoyi shifokorlarimizga chin dildan minnatdorchilik bildiramiz.

  Hulkar Aʼzamxodjayeva, Shohida Axmedova kabi xamshiralarimiz tunu kun bemorlarning dardiga darmon boʻlishmokda. Yordamchi kizlarimiz Mukambar, boʻlim bekasi hisoblanmish Gulya opa (biz ularni shunday chaqirar edik) bemorlarga xizmat koʻrsatish jarayonida kunu tun tinim bilmay jasorat koʻrsatishmokda.

 Aslini olganda bular davlatimizning eʼzoz — eʼtibori,  gʻamxoʻrligi samarasi! Davlatimiz bu  dori-darmonlarga, oziq-ovqatlarga oz muncha mablagʻ sarflayotgani yoʻq, axir! Tibbiyot sohasi xodimlarining ogʻir sharoitda ishlayotganini ham hisobga olyapti. Shularni koʻnglimdan oʻtkazar ekanman, Vatanimiz bilan faxrlanish hissini  tuydim. Koʻngilli boʻlib ishlayotgan tibbiyot sohasi  vakillariga minnatdorligimni bildirgim keldi… Saxovatpesha va mehnatkash, pok dilli va samimiy insonlar bizga Allohning inʼoyatidir!

Hayotimizdagi ushbu sinovli kunlarda Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin boʻlmasin, qancha mablagʻ va imkoniyat talab etilmasin, Oʻzbekistonning bironta fuqarosi oʻz holiga tashlab qoʻyilmaydi” degan soʻzlarining isbotini koʻrdim.

Darhaqiqat, dunyoda ikki soha vakillari oʻz kasbiga sadoqat borasida qasamyod qabul qiladi. Bular – Vatan himoyachilari boʻlgan harbiylar va inson salomatligiga masʼul shifokorlar. Buning bejiz emasligini bugun hayotning oʻzi tasdiqlamoqda. Muqaddas qasamyodiga sodiq boʻlgan shifokorlarimiz hozirgi murakkab vaziyatda, kerak boʻlsa, aziz jonlarini fido qilib, qahramonlarcha mehnat qilmoqdalar. Ularni eliga jon fido qilayotgan chin qahramonlar, deya alqasak arziydi! Haqiqatan, koʻksini qalqon qilib maydonga chiqqan chin qahramonlar ular!

Jahon mutaxassislarining tadqiqotlariga koʻra, yon atrofingdagi insonlarga mehr-oqibatli boʻlish, muntazam odamlarga koʻmaklashish salomatlik garovi ekan. Xayriya faoliyati – xoh oʻzgalarga yordam berish, xoh kichik sadaqalar boʻlsin, nafaqat koʻngilni tinchlantiradi, balki jismoniy salomatlikka ham koni foyda ekan.

Koʻngilli xizmat va saxovat koʻrsatish bilan bogʻliq ezgu amallar nasldan naslga oʻtar ekan. Jahon tadqiqotchilarining taʼkidlashishicha,  hamdardlikning uchdan biri bizning genlarimizga bogʻliq ekan. Sinovli kunlarda oʻzbek xalqi fidoyi sahovatpesha ekanligini yana bir bora isbotladi. 

Shoir Muhiddin Omon aytganidek:

Shavkatli shu Vatan tayanch qoyamiz,

Siz bilan mustahkam bor himoyamiz,

Tabarruk insonlar, chin fidokorlar,

Sizga tahsin, olqish, ey shifokorlar!

Kalbimdan kechgan his tuygʻularni kogʻozga tushirar ekanman, barcha fidoyi tibbiyot xodimlariga, shu jumladan yuqorida nomlari tilga olingan oq xalatli xaloskorlarimizga shunday ogʻir sharoitda inson uchun eng aziz neʼmat boʻlgan hayot va salomatlikni muhofaza qilishdek sharafli vazifani bajarayotgani uchun oʻzim, xonadoshlarim-Lyubov Petrusova, Natalya Pak, Gulchehra Sodiqova va shu boʻlimda shifo topayotgan boshqa barcha bemorlar nomidan yuksak extirom, chukur minnatdorchilik bildiramiz.

Ushbu sinovli damlardan shukrona bildirib, sabrli boʻlib, eson- omon  oʻtib olamiz, deya tilak bildirib qolaman. Fursatdan foydalanib, barchangizni qutlugʻ shodiyona – Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Ezgu amallarimiz koʻpayaversin, ruhiyatimiz yuksalib, salomatligimizni Allohning oʻzi asrasin! 

Nodira SAʼDULLAYEVA, Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti oʻqituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.