Jahonda koronavirusga qarshi kurashilayotgan bir paytda, koʻrilayotgan har bir chora-tadbirning foydaliligi, samaradorligini oʻrganish, ayniqsa, ahamiyatlilidir.
Lekin profilaktika maqsadida qoʻllaniladigan ayrim choralar samarasiz ekanini, qaytaga salbiy oqibatlari koʻproqligini vaqt koʻrsatib qoʻymoqda.
Shunday choralardan biri dezinfeksiya tunnellaridir. Hozirda bunday tunnellar deyarli har bir tashkilot, xususan, umumiy ovqatlanish obyektlari, aeroport, temir yoʻl vokzallari, bozorlar, super market kabi qator muassasa binolari oldida oʻrnatilgan. Hatto kirish yoʻlaklarining boshqa qismlari qizil lentalar bilan oʻralib, odamlarga shu tunnel orqali oʻtishdan boshqa yoʻl qoldirilmagan. Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Raziqova bunday tunnellaring inson organizmiga zararli tomonlari haqida soʻzlab berdi:
— Dezinfeksiya chorasi sifatida xlorli eritmalardan foydalanishni dunyo davlatlari tajribadan oʻtkazishdi. Amerikalik ekspertlarning taʼkidlashicha, koʻchalarni dezinfeksiya qilish va dezinfeksiya tunnellaridan keng foydalanish koʻproq insonlarni vahimaga tushmasligi yoki ularni tinchlantirish maqsadida amalga oshirilgan. Va, shuni aytish lozimki, xanuzgacha buning samarasi isbotlanmagan, — deydi mutaxassis.
— Dezinfeksiya tunnellarida foydalaniladigan xlorli eritmalar tibbiyotda juda koʻp yillardan beri ishlatiladi va uning inson organizmiga xatarli taʼsiri juda kuchli.
Kun davomida ishlab turgan tunneldan bir kishi qayta-qayta oʻtishiga toʻgʻri kelishi mumkin. Davomiy ishlatilgan har bir kimyoviy modda inson organizmida allergik holatlarni keltirib chiqaradi. Allergolok Ilmira Raziqova buning asoratlari oʻta xavfli tus olib ketishidan ogohlantiradi.
Mutaxassisning aytishicha, bu yuqori nafas yoʻllarining yengil qizarishidan to yengil kuyishgacha boʻlgan xolatlarni chaqiradi. Buning natijasida insonda allergik rinit, konyuktivit, bronxit va hatto, ogʻir kasallik hisoblanuvchi – bronxial astmaga olib kelishi mumkin.
Maktablar faoliyatini qayta tiklash masalasi oʻrtaga chiqqanda, bolalarning sogʻligiga salbiy taʼsirlari inobatga olinib, Sogʻliqni saqlash vazirligi taʼlim muassasalari oldida dezinfeksiya tunnellarini oʻrnatish qatʼiyan man etilishini taʼkidlagan edi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ham bunday tunnellarning samaradorligi isbotlanmaganligini bildirdi.
Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri matbuot kotibi