Sogʻliqni saqlash vazirligi: XITOYDAN KELGAN DASTLABKI ChARTER REYSDA FUQAROLARIMIZ KUTIB OLINDI

0
776
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston fuqarolarini Xitoyning Uxan shahri va boshqa hududlaridan olib kelish uchun  tashkil etilgan dastlabki charter reys Pekin – Toshkent yoʻnalishi boʻyicha poytaxtimizdagi xalqaro aeroportga avval xabar berilganidek kecha yetib  keldi.

Charter reysga Sogʻliqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy tekshirish institutining yuqumli kasalliklar boʻyicha tajribali mutaxassis va epidemiolog-shifokorlari hamrohlik qilishdi. Ular tomonidan evakuatsiya qilingan yoʻlovchilar samolyotga chiqish paytida dastlabki tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Lozim boʻlganda zarur tibbiy yordam koʻrsatish va parvoz paytida biologik xavfsizlikni taʼminlash uchun barcha zarur vositalar taqdim etildi.
Xitoydan olib kelingan vatandoshlarimiz koronavirusning Oʻzbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, xavfsiz sanitariya-epidemiologik holatni taʼminlash hamda aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasasiga joylashtirildi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan, koronavirus inkubatsiyasi davrini hisobga olgan holda, Xitoydan olib kelinadigan fuqarolarimiz ikki hafta davomida xalqaro sanitariya-epedimiologiya talablari asosida qatʼiy karantin holatida saqlanadi. Shu davr yakuniga qadar harorati koʻtarilgan yoki boshqa kasallik alomatlari yuzaga kelganda zudlik bilan alohidalash, maxsus laboratoriya tekshiruvidan toʻliq oʻtkazish hamda davolash ishlarini standartlar boʻyicha olib borish uchun barcha zarur choralar koʻrilgan.

Shu davrda ularning oila-aʼzolari bilan uchrashishi taʼqiqlanadi. Yaqinlari bilan faqat maxsus telefon aloqasi orqali muloqot qilishi mumkin boʻladi.

Tashkil etilgan vaqtincha karantin muassasalarida yuqumli kasalliklar boʻyicha malakali virusolog, epidemiolog va boshqa yetakchi shifokor-mutaxassislar ish olib borishadi. Ular xavfli infeksiyalarga qarshi kurashda tashxis qoʻyish, davolash hamda karantin tadbirlarini tashkillashtirish tajribasiga ega. Shifokorlar karantin muassasasida belgilangan muddat yakuniga yetgunga qadar faoliyat olib borishadi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.