Sogʻlom tishlar goʻzallik va salomatlik!

0
666
marta koʻrilgan.

Sharq allomalari sogʻlom tishlar goʻzallik va salomatlik garovidir, deyishadi. Agar tishlar sogʻlom va butun boʻlib yaraqlab tursa,  u insonning husniga husn qoʻshish bilan birga salomatligini asraydi.

Tishlar oʻz-oʻzidan qimirlab qolishi yoki sinishi mumkin emas. Hamma voqeaning sababi boʻlganidek uning ham sababi mavjud. Buni shifokorlardan avval oʻzingiz anglashingiz zarur. Buning uchun tibbiy bilim kerak. Boshqa kasalliklarga ulanib ketmasligini oldini olish lozim.

Tishlarning zararlanishi yoki parchalanishi natijasida tish devorlari zaiflashib qoladi. Kichik zarba yoki qattiqroq mahsulot isteʼmolida ham tushib qolishi mumkin. Shuning uchun ham shikastlangan tish vaqtida davolanmasa, uni butunlay yoʻqotib qoʻyish xavfi shuncha ortib boraveradi, turli xil kasalliklar koʻpayaveradi.

Modda almashinuvi buziladi. Dardmand tishlar ovqatlarni yaxshilab chaynashga kuchi yetmaydi va ular oshqozonga yaxshi maydalanmagan holda tushadi. Bu esa organizmning hazm qilishini qiyinlashtirib, oshqozon-ichak yoʻlining umumiy holatiga salbiy taʼsir oʻtkazadi. Natijada organizmda metabolik kasalliklar vujudga keladi.

Oshqozon-ichak yoʻli kasalliklarining sababi avvalo parodontit. Agar tishlar vaqtida davolanmasa, parodontit kasalligi kelib chiqadi – yumshoq toʻqimalarga taʼsir qiladi va tishlarning tushib ketishiga sabab boʻlishi mumkin. Parodontit kasalligi  infeksiyasi immunitetni tushiradi natijada oshqozon-ichak yoʻli kasalliklarini yaʼni   gastrit, oshqozon va oʻn ikki barmoqli ichak yarasi, pankreatit va boshqa dardlarni keltirib chiqaradi. Kasallangan tish oʻz vaqtida olib tashlanmasa, parodontit xavfini yanada oshiradi. Bunda milklarning tez-tez qonashi va ogʻizdan noxush hid kelishi kuzatiladi.

Qandli diabet kasalligi ham tish bilan bogʻliq. Milklar qancha koʻp yalligʻlangan boʻlsa, qonda shakar darajasi shuncha yuqori boʻladi. Organizmda ushbu holatlar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqlik allaqachon olimlar tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlar bilan tasdiqlangan. Shuningdek, tish va milk davolangandan soʻng qonda glyukoza miqdori normal holatga qaytganligi ham isbotlangan. Shuning uchun tish va milk kasalliklariga beeʼtibor boʻlmaslik kerak, ayniqsa, qandli diabetga moyil boʻlganlar yoki atrofida ushbu kasallikka chalinganlar uchun bu juda muhim hisoblanadi.

Homiladorlikni rejalashtirayotgan ayollarga maslahat. Ginekologlar dastlab ogʻiz boʻshligʻini yaxshilab tekshirib, davolanishni tavsiya qilishi bejiz  emas. Tish va milklarda paydo boʻladigan infeksiyalar homila rivojlanishiga taʼsir oʻtkazishi va uni tushirish xavfini 7 barobarga oshirishi mumkin.

Yurak va qon tomirlar xastaligi rivojlanadi. Olimlar  tadqiqotiga koʻra, yurakning sogʻlomligini tishlar orqali bilish mumkin. Darhaqiqat Sharq tabiblari til, tish, koʻzga va tirnoqlarga qarab tashhizlashgan. Har bir davolanmagan tish yurak xurujini ikki baravarga oshiradi. Bundan tashqari, qon tomirlari, yurak xuruji, yurak yetishmovchiligi xavfi ortib boradi. Shu bilan birga, kariyes taʼsirida boʻlgan tishlarda rivojlanayotgan infeksiyalar qon tomirlar devorlarini yalligʻlanishiga hamda qonda tromblar hosil boʻlishiga olib kelishi mumkin.

Aziz mushtariylar, salomatlikingiz oʻz qoʻlingizda. Vujudingizga quloq tutishga oʻrganing. Farzandlaringizni ham bolalikdan sogʻlom turmush tarziga rioya qilib yashashga oʻrgating.  Tibbiy bilimingizni muntazam yuksaltirib boring. S0gʻlom turmush tarziga, aziz ota-onalar, avvalo oʻzingiz  rioya qilishga odatlaning!

Fazilat SAʼDULLAYEVA tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.