Alloma Ibn Sino tarvuz mevasini jigar, buyrak kasalliklarini davolashda hamda siydik haydovchi vosita sifatida ishlatgan. Tarvuz sharbati chanqoq qoldirishi bilan birga, oʻt va siydik haydash hususiyatiga ega. Shuning uchun yurak, buyrak va jigar kasalliklarida uni isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Tarvuzning quritilgan poʻchoqlaridan tayyorlangan damlama yoʻgʻon ichakning oʻtkir va surunkali yalligʻlanishida yordam beradi. Semiz odamlarni ozdirishda uni koʻp-koʻp isʼtemol qilish esa samarali taʼsir oʻtkazadi. Parishonxotirlikning oldini oladi. Tarvuz urugʻlarining ham shifobaxsh xususiyatlari bor. Uning sut bilan yaxshi aralashtirilgan damlamasi bachadonda qon ketishini toʻxtatadi, Magʻzini saharga yeyilsa gijja haydovchi vosita sifatida yaxshi samara beradi. Tarvuzni kamqonlikda, oʻt va siydik ajratish yoʻllarida tosh boʻlganida, surunkali qabziyat (ich qotish) da uni 100-250 g dan kuniga 4-5 mahal yeb turish tavsiya etiladi.
Tarvuzning tarkibida glyukoza, fruktoza va saxaroza koʻrinishidagi 12 foizgacha yengil oʻzlashtiriladigan qandlar mavjud. Shuningdek, unda C, B1, B2, A, foliy kislotasi, pektin moddalari, karotinoidlar, kaliy tuzlari, temir, magniy va kalsiy moddalari, aminokislotalar ham bor.
Tarvuz muntazam ravishda ovqatdan oldin tanovul qilinsa, badanni tozalash xususiyatiga ega. Tarvuz zamonaviy tibbiyotda ham qoʻllanadi. Xususan, tadqiqotchilar bergan maʼlumotlarga koʻra, tarvuz tarkibidagi foliy va askorbin kislotasi boshqa moddalar bilan birgalikda sklerozni davolashga samarali taʼsir koʻrsatar ekan. Tarvuzning suvi artrit, podagra, ichak kasalliklari, ateroskleroz kabi kasalliklarni davolashga yordam beradi. Uning peshob haydovchi xususiyati yurak va buyrak kasalliklari bilan bogʻliq aʼzolardagi shishlarni yoʻq qiladi. Jigar xastaliklarida tarvuz suvi organizmdan ortiqcha suyuqlik va xiltlarni chiqaribgina qolmasdan, jigar toʻqimalarini yengil oʻzlashtiriladigan qandlar bilan ham taʼminlaydi. Shuningdek, u podagra, bugʻim kasalliklarida, Botkin kasalligida, aterosklerozda, kon bosimi oshganda va oshkozon gastritida qoʻllanilsa yaxshi samara beradi.
Yurtimizda tarvuzdan chiroyli va jozibali boʻlish maqsadida ham foydalaniladi. Yuz gramm tarvuz eti atigi 38 kkal. ga egaligi tufayli uning yordamida ortiqcha vazndan qutulish mumkin.
Tarvuz tarkibining 90 foizi suvdan iborat. Shu bilan birga tarvuz pektin, oʻsimlik oqsili, mineral moddalar (temir, kaliy, kalsiy, magniy, fosfor, natriy va h. o), va V guruhidagi vitaminlarga boyligi tufayli u yogʻli va quruq teriga birday taʼsir oʻtkazib, uni taranglashtiradi, goʻyo yoshartiradi. Tarvuz sharbati ajoyib tetiklashtiruvchi vosita boʻlganligi bilan birga terining salqib qolishiga qarshi undan foydalanish mumkin. Buning uchun tarvuz sharbatiga salfetkani namlab, uni yuzda 15 daqiqa ushlab turish kifoya qiladi. Bunda tarvuz sharbati iliq boʻlishi lozim.
Tarvuz sharbatidan tayyorlanadigan muz boʻlakchalari ham mashhur sanaladi. Terini taranglashtirish va tetiklashtirish uchun tarvuzli muz boʻlakchasini yuzga surib, uning sharbatini 10–15 daqiqaga qoldirish kerak. Soʻngra yuzni sovuq suv bilan yuvib, odatiy kremdan surish lozim.
Tarvuz va oʻrik sharbatini teng miqdorda qoʻshish orqali terini tozalash mumkin. Bu aralashma normal va quruq yuz terisiga toʻgʻri kelsa, yogʻli yuz terisi uchun tarvuz va bodring sharbati aralashmasini ishlatish tavsiya etiladi.
Sochga mayinlik va jilo bagʻishlash uchun bor-yoʻgʻi tarvuz etini ezib, ularni sochlarga 20 daqiqaga surib qoʻyish kerak, xolos. Shundan soʻng ularni odatdagidek shampun bilan yuvishingiz mumkin.
Tarvuz, qovunni asal, tovuq goʻshti yoki suv bilan tanovul qilish mumkin emas. Chunki bu ichburugʻ, ogʻir ichketar, qorin ogʻrigʻi, ich dam boʻlishi kabi xastaliklarga mubtalo qiladi. Och qoringa, shuningdek, ovqatdan keyin darhol tarvuz, qovun isteʼmol qilish tavsiya etilmaydi. Ovqatlanishlar oraligʻida isteʼmol qilish foydalidir. Eslatma: poliz ekinlarini yetishtirishda unga beriladigan ortiqcha azotli oʻgʻitlar qovun-tarvuzlarning ozuqaviylik va shifobaxsh xususiyatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Savdoga chiqariladigan tarvuzlar sanitariya-epidemiologiya xizmatlari tomonidan kimyoviy tahlildan oʻtkaziladi. Shuning uchun poliz mahsulotlarini xarid qilayotganda sotuvchilardan tegishli sertifikat bor-yoʻqligini soʻrang.
Fazilat Saʼdullayeva, 1-respublika tibbiyot kolleji katta oʻqituvchisi