Teri kasalliklari inson ichki aʼzolari bilan uzviy bogʻliq

0
15483
marta koʻrilgan.

 Hozirgi kunda teri kasalliklari bilan xastalangan bemorlar soni ortib bormoqda. U bir dona marvariddek boʻlsada kishi tabini xufton qiladi. Tibbiyot fanlari doktori, professor Ulugʻbek SOBIROV bilan ushbu teri kasalliklarining sabablari boʻyicha suhbatlashdik.

– Teri kasalliklari ichida eng keng tarqalgani va ularning ogʻir shakllari haqida gapirib bersangiz?

–Teri kasalliklaridan psoriaz, yaʼni qipiqli temiratki, vitiligo, terining allergik xastaliklari, husnbuzar, poʻrsildoq yara kasalligi keng tarqalgan. Maʼlumki, teri butun inson tanasini qoplab turuvchi aʼzo boʻlib qolmay, balki barcha ichki aʼzolar bilan uzviy bogʻliq holda qator muhim vazifalarni bajaradi. Odamning sogʻligʻi, yurak-qon tomir, asab, oshqozon-ichak trakti, endokrin tizimi bilan bir qatorda, terining funksiyasi va xususiyatiga ham bogʻliq.

– Yosh bolalarda gerpes virusi uchrab turadi. Onalarning hammasi ham bu nimadan kelib chiqqanini bilmaydi. Ushbu virus haqida maʼlumot bersangiz…

– Viruslar sabab kelib chiquvchi dermatozlar teri kasalliklari ichida salmoqli oʻrinni egallaydi. Uchuq (gerpes virusi), kontagioz mollyuska, soʻgallar bolalarda koʻp uchraydi.
Oddiy uchuq virusi boshqa viruslardan farq qilib, u inson organizmida yillab saqlanishi, baʼzi noxush holatlar (zotiljam, bronxit, OʻRVI, har xil intoksikatsiyalar va boshqalar) taʼsir etganda faollashib, kasallikni yuzaga keltirib chiqaradi. Aksariyat hollarda qoʻrqish, sovqotish, shamollash, gipovitaminoz holatlari ham viruslarni qoʻzgʻatib oddiy uchuqqa sabab boʻladi. Baʼzan bemor bilan muloqotda boʻlganda ham kasallik yuqishi mumkin. Kasallik onadan bolaga muloqot vaqtida, tugʻruq yoʻllari orqali, ifloslangan homila oldi suyuqligi orqali va platsenta orqali yuqishi mumkin. Bunday hollarda kasallik ogʻir, asoratli kechishi mumkin. Kasallik OʻRVI kasalliklar bilan birga kechganda havo-tomchi yoʻli bilan yuqishi mumkin.

– Bugun qaysi goʻzallik saloniga kirmang «piling», «botoks», «mezoterapiya» xizmatlariga koʻzingiz tushadi. Mutaxassis sifatida yuzga shu usulda «ishlov» berishlariga qanday qaraysiz?

– Aholi orasida kosmetologik uslublar keng tarqalishi kuzatilmokda. Bu muolajalar soʻzsiz mutaxassislar tomonidan bajarilishi zarur va maxsus protseduralar inyeksiyalar, botulotoksin, mezoterapevtik protseduralar, pilinglar aniq koʻrsatmalar asosida, tavsiyalarga koʻra bajarilishi shart. Kosmetologik muolajalar malakali mutaxassislar tomonidan katʼiyan nazorat bilan maxsus sharoitda oʻtkazilishi kerak. Tanlangan mahsulotlarda davlat sertifikati boʻlishi zarur. Kosmetologik muolajalarni aynan yoshiga, terining holatiga karab, mutaxassis tanlaydi va tavsiya kiladi. Toʻgʻri tanlangan tibbiy kosmetologik muolajalar terini goʻzallashtiradi va yoshartiradi.

– Xalqimiz orasida oq dogʻlar baliq, sut, tuxum mahsulotlarini aralashtirib yeyishdan kelib chiqadi, degan qarash bor. Aslida vitiligo kasalligining kelib chiqish sabablari qanday?

– Vitiligo orttirilgan teri kasalligi boʻlib, turli shakl va oʻlchamdagi aniq chegaralangan oq dogʻ bilan xarakterlanadi. Bu kasallikning kelib chiqishiga koʻplab omillar sabab boʻladi. Yaʼni asab, endokrin va immunitet tizimi va lipidlar pereks oksidlanishi tizimining buzilishi natijasida hujayralarning oʻz-oʻzini yemirishi, shuning­dek, terining mik­roelement tarkibi va metabolik jarayonning oʻzgarishi bilan bogʻliq. Vitiligo surunkali avj olib kechishi bilan ajralib turadi. Ayol va erkakda bir xilda uchraydi. Vitiligo kasallikka moyillik (genetik) va qoʻzgʻatuvchi (tashqi) omillar taʼsirida paydo boʻladi. Tashqi omillarga emotsional asabiylashish va quyosh taʼsirida kuyish, ichki aʼzolarning surunkali yalligʻlanishi, zaharlanish, disbakterioz, gijja, endokrin va immun tizimi buzilishlari sabab boʻlishi mumkin.

Vitiligo odatda toʻsatdan boshlanadi. Bemor, eng avvalo, depigmentatsiya oʻchogʻi (yoki oʻchoqlari)ni sezadi. Vitiligoning klinik koʻrinishi teri qoplami turli sohalarida gipo va depigmentatsiya oʻchoqlarining mavjudligi bilan xarakterlanadi va vaqt oʻtishi bilan kattalashishga moyil boʻladi. Vitiligo kosmetik nuqson boʻlib, koʻpincha, bemorda ruhiy tushkunlikni keltirib chiqaradi.

– Nasldan-naslga oʻtadigan teri kasalliklariga qaysilar kiradi?

– Terining irsiy kasalliklari genodermatozlar, deb ataladi. Hozirda teri irsiy kasallik­larining 200 dan ortiq turi mavjud boʻlib, ular butun teri kasalliklarining 10 foizini tashkil etadi. Ularga ixtioz, tugʻma bullyoz epidermoliz, darye kasalligi, keratodermiyalar, albinizm,enteropatik akrodermatit kasalligi va boshqalar kiradi. Ushbu kasalliklar maʼlum bir genga bogʻliq boʻlib, ­nasldan naslga oʻtadi. Kasallik kelib chiqishida qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh, onaning homiladorlik vaqtidagi turli xil genital va ekstragenital kasalliklar bilan kasallanishi sabab boʻladi.

– Teri saratoni bilan kasallangan bemorlarga ham tez-tez duch kelamiz. Ushbu xastalikka chalinmaslik uchun nimalarga ahamiyat berish zarur?

– Terining oʻsma kasalliklari oʻz oʻrnida oʻsma oldi kasalliklari, terining yaxshi sifatli oʻsma kasalliklari va terining yomon sifatli oʻsma kasalliklariga ajratiladi.Terining saraton kasalliklariga bazalioma, melanoma, yassi hujayrali teri saratoni, T va V hujayrali teri limomalari va boshqalar kiradi.

Teri saratoniga chalinmaslik uchun terini toʻgʻri parvarish qilish, teri gigiyenasiga rioya qilish, teri kasalliklarida oʻz vaqtida shifokor nazoratida, asoratlarsiz, toʻgʻri davo muolajasini olib borish, quyosh nuridan saqlanish va quyosh nuridan toʻgʻri foydalanish, terini turli xil jarohatlardan himoya qilish, bilib bilmasdan terida paydo boʻlgan nuqsonlarni tabiblarda shifokor koʻrigisiz davolamaslik zarur.

Dermatoonkologiya hozirgi zamonaviy tibbiyotda rivojlanib kelayotgan sohalardan biri boʻlib, ushbu soha kasallikka oʻz vaqtida, erta, zamonaviy ilgʻor tibbiyot diagnostikasi usullardan foydalangan holda aniq tashxis qoʻyish, zudlik bilan davo choralarini koʻrishga va kasallikning oldini olish uchun aholi orasida tibbiy madaniyatni oshirishga qaratilgan.

– Terimiz himoya qatlamimiz bilan birgalikda chiroyimiz hamdir. Uning sogʻlom, koʻrkam nur sochishi uchun qanday taomlanish zarur? Aksincha, qanday amallarimiz terimiz goʻzalligiga rahna soladi?

– Terining goʻzalligi ovqatlanish ratsioni bilan bogʻliq. Ilmiy izlanishlar natijasida shu narsa fanga aniq boʻldiki, inson qanchallik toʻgʻri va sogʻlom ovqatlansa, nafaqat sogʻligʻi yaxshilanadi, balki terisi ham kun sayin chiroy ochadi. Organizm birinchi nav­batda oqsil va vitaminlarga toʻyingan boʻlishi zarur. Albatta mikroelementlarning ham teri sogʻlom nur sochishida oʻz oʻrni bor. Yod, selen, magniy, sink, mis, kalsiy, kaliy ham meʼyorida boʻlishi shart.
Muntazam fast-fud isteʼmol qilish, yogʻli ovqatlar meʼyorini bilmaslik, shirinlik­larni pala-partish yeyishlik oshqozon-ichak tizimi faoliyati buzilishiga olib keladi. Oziq moddalarning yomon soʻrilishi ovqat hazm boʻlishini sekinlashtiradi yoki aksincha. Mana shu buzilishlarning barchasi terining tashqi koʻrinishi salbiy holga kelishiga sabab boʻladi. Shuning uchun dermatologlar bevosita gastroyenterologlar bilan birgalikda hamkorlikda ishlaydi.

– Homiladorlikning oxirgi uch oyligida terida qichishish, achishish va mayda toshmalar kuzatiladi. Ayting-chi, homiladorlik teridagi asoratlarsiz oʻtishi uchun boʻlajak onalar nimalarga ahamiyat qaratishi lozim?

– Homiladorlik davrida ona organizmidagi oʻzgarishlar juda keskin oʻtadi. Ayol organizmi boshqacha tarzda ishlaydi.
Homiladorlikdan oldin toshmalar patologiya hisoblansa, homiladorlik bilan bogʻlangan gormonal oʻzgarishlar davrida aynan shu toshmalar norma, deb qabul kilinadi. Homilador ayollarda toshma kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Agar toshmalar terining yuza qismida joylashgan boʻlsa husnbuzarlarni eslatadi. Lekin shuni yodda tutish kerakki, yuzdagi toshmalar qizilcha, gerpes, suvchechak kabi xavfli virusli kasalliklar alomati boʻlishi ham mumkin.
Qolaversa, homilador ayollarning koʻkrak va orqa yelka sohalaridagi toshmalar koʻpincha yuqumli kasalliklar, ichak funksional buzilishlari natijasi boʻlishi mumkin. Yuqoridagi holatlar koʻpincha homiladorlikning oxirgi uch oyligida kuzatiladi.

– Qaysi ichki kasalliklar hisobiga yuzga dogʻ tushadi?

– Koʻzgu qarshisiga turib, yuzingizga diqqat qiling: rangi tiniqmi, husnbuzar yoki toshma boʻlsa, kattaligi, holati va miqdori qancha? Dogʻni koʻrsangiz uning oʻlchami va yuzning qaysi qismidan joylashganiga qarang. Ishonish qiyin-u, lekin yuzning har bir qismidagi kamchilik ichki aʼzolarning u yoki bu turi bilan bogʻlangan boʻladi. Masalan, oshqozon-ichaklarda muammo boʻlsa, yuz yonoqlarining oʻrta qismida husnbuzar paydo boʻladi. Bezovtalik surunkali tus olib, xastalikka aylansa, dogʻ paydo boʻlishi mumkin. Yuz tuzilishi, holati va koʻrinishiga qarab tashxis qoʻyish tibbiyotda ommalashgan usullardan biri. Zero, yuz sohasiga dogʻ tushishi, husnbuzar yoki toshma chiqishi oʻz-oʻzidan sodir boʻlmaydi. Odatda mazkur holat bir qator omillar bilan taxmin qilinadi.

Jumladan: gormonal balans muvozanati oʻzgarishi (koʻpincha xomilador ayollarda, yuz, boʻyin va qorin sohasiga dogʻ tushishi bilan kuzatiladi); peshob ajratish yoʻli hamda jigardagi oʻzgarishlardagi teri pigmentatsiyasi (qoʻl kafti yuzasidagi mayda dogʻlar, yuz yonoqlariga yoyilgani); qalqonsimon bez faoliyatidagi oʻzgarishlar, siydik qopi yalligʻlanishi, avitaminoz ham dogʻ yuzaga keltirishi mumkin (peshona ikki chakkasi, qoʻl kafti yoki oyoqdagi dogʻ); quyoshda uzoq vaqt toblanish melanin sintezini faollashtiradi. Bu esa asosan yuzda dogʻ paydo boʻlishiga olib keladi (yonoq, burun atrofidagi dogʻ, kurakdagi mayda sepkil); stress va asabiylik. Maʼlumotlarga koʻra asabiy kishilarda dogʻ paydo boʻlishi koʻproq kuzatiladi (boʻyin sohasi, quloq atrofida yuzaga kelgan dogʻlar); tashqi muhit taʼsiri, ish faoliyati kimyoviy moddalar bilan bogʻliq boʻlsa, notoʻgʻri tanlangan pardoz vositalari, oʻrinsiz bajarilgan kosmetik muolajalar ham dogʻ tushishiga olib keladi.

Akmal ERGASHYeV suhbatlashdi.

Manbaa: SOG`LOM.UZ
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.