Ijtimoiy tarmoqlarda tibbiy niqoblarga spirt bilan ishlov berish haqida tavsiyalar kuzatilmoqda. Bu usul kimgadir yordam bergan boʻlishi mumkin. Biroq uning asoratini sezmagan boʻlishi ham mumkin. Aslida bu tavsiya notoʻgʻri. Chunki, kimningdir terisi juda nozik, baʼzi bemorlarning esa nafas yoʻllari, yoki burun shilliq qavati oʻta sezuvchan boʻladi.
Tibbiy niqoblarni spirt bilan namlab nafas olinganida bir qancha asoratlar rivojlanishi tayin. Masalan, ogʻiz atrofidagi teri qavatida kuyish kuzatilishi mumkin. Baʼzilarda spirtning oʻtkir hidi burun shilliq qavatini shikastlanishini keltirib chiqaradi. Baʼzilarda hid bilish qobiliyati pasayishi kuzatiladi.
Har bir kasalda koronovirus turli xil kechishi mumkin. Shunga koʻra biz shifokorlar qoʻldan qoʻlga oʻtuvchi tavsiyalar orqali davolanishni tavsiya etmaymiz.
Bemorlarga oʻzi yashayotgan hududdagi poliklinikaga murojaat etib shifokor tavsiyasini olishni maslahat beramiz
Uchastka shifokori bemorning umumiy ahvoliga koʻra davolash usulini tanlaydi va unga kerakli davo muolajalarini statsionar yoki uy sharoitida davolanishi uchun tavsiya etadi.
Hozirgi kunda uy sharoitida davolanish uchun tavsiya etiladigan bemorlarga dori vositalari davlat tomonidan bepul tarqatilmoqda.
Hozirgi davrda koronovirus asoratlaridan biri qon quyulishini oldini olish maqsadida baʼzi bemorlar uy sharoitida geparin, flemoks va hokazo dori vositalarini inyeksiya holatida olishlarini bir-biriga tavsiya bermoqdalar. Bu ham notoʻgʻri, chunki qon ivishi bilan bogʻliq ushbu dori vositalari labaratoriya tahlillari asosida va shifokor nazorati ostida qilinishi shart.
Eng asosiysi vahimaga, sarosimaga tushmaslik. COVID-19 har qancha shov-shuvlarga sabab boʻlmasin, 80 foyiz hollarda juda yengil va hatto umuman simptomlarsiz kechadi. 15 foyizi hollarda yengil, faqat taxminan 5 foizda ogʻir kechadi. Shu 5 foiz bemorlarning ham 90 foizi keksalardir.
Agarda sizda yengil shamollash alomatlari kuzatilib, tana harorati koʻtarilmasa, bu kasallikni yengil kechuvi boʻlishi mumkin. Bemor tuzalganidan keyingi 2-3 haftalarda antitanachalarga qon topshirib koʻrishi mumkin.
Tibbiyot fanlari nomzodi Shoira BEKCHANOVA tayyorladi.
Tahririyatdan: Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi granti asosida uyushtirildi.