Keyingi yillarda aholi salomatligini mustahkamlash masalasi davlatimizning doimiy diqqat-markazida boʻlib, sohada jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Davolashning yangi usul va uslublari amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Xususan Xorazm viloyatimizga mini-nefrolitotripsiyaning kirib kelishi buyrak tosh kasalliklarini davolashda eng soʻnggi metodlardan biri hisoblanadi. Urologiyada bu usul bilan davolash “Oltin standart” deb yuritiladi.
Ushbu usul mini invaziv xususiyatga ega boʻlib, soʻnggi yillarda Respublikamizda bu yoʻnalish boʻyicha sezilarli darajada oʻzgarishlar yuz bermoqda. 1997 yilda ilk bor “mini-PERC” uslubi bolalarda qoʻllanilgan va bir necha oydan keyin u kattalarda ham qoʻllanila boshlangan. Perkutan nefrolitotripsiya buyrakdagi toshlarni olib tashlashda eng samarali va xavfsiz usullaridan biridir. Ushbu metodda buyrakdagi toshlar zarba toʻlqinli lazer, ultratovush va pnevmatik yoʻl orqali maydalab olib tashlanadi.
Perkutan soʻzi lotinchada “teri orqali” va nefrolitotripsiya – toshni yoʻq qilish degan maʼnoni anglatadi. Bu usluda buyrak joylashgan tomondan teri orqali naycha kiritiladi va toshlar maydalanib olib tashlanadi. Bugungi kunga kelib, bu metod 1.5-2 sm dan ortiq va bir nechta buyrak toshlarini olib tashlashda qoʻllanilmoqda. Shuningdek, ushbu metodning yana bir afzal tomonlaridan biri, unda hech qanday tigʻ ishlatilmaydi va choklar tushmaydi.
Viloyatimizda ushbu metod bilan davolash joriy yilning avgust oyidan qoʻllanila boshlandi. Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida avgust oyidan hozirgi kungacha 35 nafar 13-yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan bemorda “mini-PERC” amaliyoti oʻtkazildi. Ularning 25 nafari erkak, 10 nafari ayollardir. Shifo izlagan bemorlarning bugungi kunda ahvollari qoniqarli darajada, ular oʻzlarini juda yaxshi xis etishmoqda.
Egamnazar MATNAZAROV,
Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya
ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Xorazm viloyat filiali shifokor — urologi