Toʻgʻri va sifatli ovqatlanish bola immunitetini kuchaytiradi

0
955
marta koʻrilgan.

Maktab oʻquvchilaridagi immunitet zaifligiga koʻpincha vitaminlar tanqisligi, yomon uyqu va doimiy psixologik stress sabab boʻladi. Sogʻlom farzand nafaqat  ota-ona  hayotining davomchisi, yurt kelajagi hamdir! Shu bois oilalarda bola parvarishiga, uning sogʻlom ovqatlanishiga alohida eʼtibor qaratilishi kerak. 

Meʼda-ichak kasalliklarining yuzaga kelish xavfi bolaning 6-7 yoshida biroz kuchayadi. Bogʻchadan keyingi hayot, turmush tarzining oʻzgarishi yaʼni aqliy mehnat yuklamasining ortishi, oʻz vaqtida va toʻgʻri ovqatlanmaslik — oshqozon faoliyati buzilishini keltirib chiqaradi. Mahsulotlar tarkibidagi kimyoviy moddalar va koʻp foizli uglevod vaqtincha toʻqlik hissini yuzaga keltiradi, ammo organizm oʻziga kerakli ozuqani olmaydi. Uglevodli taom va yeguliklarni muntazam isteʼmol qilish esa semirishga moyillikni yuzaga keltiradi.

Maktab oʻquvchilari orasida pala-partish ovqatlanuvchi bolalarning soni yildan yilga ortib boryapti. Yarim tayyor fasfud taomlar va oʻquv jarayoni bilan bogʻliq boʻlgan ogʻir yuklama koʻpincha bolalarga zarur boʻlgan vitamin va minerallarni ovqatdan olishiga toʻsqinlik qiladi. 7 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan davrda bolaning tanasida bir vaqtning oʻzida oʻsish va oʻrganish vazifalarini turganini unutmaslik kerak. Bu esa ota-onadan alohida eʼtibor talab etadi.

Bola kuniga kamida 4 marta ovqatlanish kerak. Soat 7:30-8:00da nonushta (uyda, maktabga ketishdan oldin), 10:30-11:30da maktabda issiq nonushta, 14:00-15:00da  tushlik yoki uyda 19:00-19:30da kechki ovqat.

Maktab yoshida kundalik taomlanish shunday taqsimlanadiki, bunda tushlik hajmi jihatdan koʻproq va quvvat qiymati yuqoriroq boʻladi. Ammo mazkur tartibga oʻtish sekin-asta bajarilgani maʼqul. Aks holda, bola oshqozoniga ogʻirlik tushishi mumkin.

Nonushta: bola organizmi uchun kerak boʻlgan bir kunlik energetik qiymatning 25 foizini tashkil etadi. Nonushta sabzavotli salatlar va  issiq ovqatdan iborat boʻlmogʻi lozim. Bunda — boʻtqa, kartoshka va sabzavotli aralashmalar, qaynatilgan tuxum, tvorog, sut, sutli qahva, sutli kakao boʻlishi mumkin.

Tushlik: rivojlanayotgan bola organizmi uchun kerakli boʻlgan bir kunlik energetik qiymatning 30-35 foizini tashkil etadi. Tushlikda shoʻrva, goʻshtli yoki baliqli ovqat (garniri bilan) va biror xil shirinlik (kremli boʻlmasligi kerak) isteʼmol qilgan maʼqul.

Tushdan keyin: bu mahal bolaning suyuqlikka boʻlgan ehtiyoji toʻliq qondirilishi lozim. Negaki tushlikdan soʻng bola koʻproq chanqaydi. Ikkinchi tushlikka bir kunlik energetik qiymatning 15–20 foizi toʻgʻri keladi. U suyuqliklar, meva, shirinlik yoki pishiriqlar, kulcha kabi yeguliklardan iborat boʻlmogʻi darkor.

Kechki taomlanish:  toʻgʻri tuzilgan taomnoma asosini tashkil etuvchi qism ham aynan shu. Kechki ovqatlanish bir kunlik energetik qiymatning 20 foizini tashkil qiladi. Bunda taomning yengil hazm boʻlishiga eʼtibor qaratish lozim. Kechki taom uchun tvorogli, sabzavotli, yormali, bugʻda yoki qaynatib pishirilgan issiq ovqat, sut, qatiq  tavsiya etiladi.

Isteʼmol mahsulotlari bolaning yoshidan kelib chiqib taqsimlansa, organizm kerakli ozuqa manbaiga ega boʻladi.

Agar bolada ozgʻinlik yoki ortiqcha vazn boʻlsa, ovqatlanishni sozlash uchun shifokor maslahati zarur. Sport bilan shugʻullanadigan oʻquvchining ovqatlanishi jismoniy mashqlar hajmini hisobga olgan holda taomlanish talab etiladi.

Yodlangan tuzni doimiy istemol qilish, suv ichish rejimiga amal qilish va ovqatlanish ratsioni vitanimlarga boy boʻlishi katta ahamiyatga ega.

Immunitetni oshirishga tabiiy antioksidant boʻlgan asal va viruslarga qarshi samarali kurashadigan sarimsoq isteʼmoli ham zarur.  A vitaminiga boy sabzi va  kartoshka, sitrus mevalari va tarkibida  S vitamini moʻl boʻlgan  brokkoli karam hamda gripp va nafas yoʻllarining yuqumli kasalliklariga qarshi kurashishda yordam beradigan Ye vitaminiga boy yongʻoqlar, albatta, bolalar ratsionida boʻlishi maqsadga muvofiq.

Yulduz MOʻMINOVA, oliy toifali vrach

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.