Vitaminli komplekslarni suiisteʼmol qilish gipervitaminoz holatini keltirib chiqarishi mumkin. U esa foydali moddalar va mikroelementlar tanqisligidan koʻra xavfliroq.
Gipervitaminoz odatda organizmda vitaminlarning ortiqcha boʻlishiga aytiladi. Bu holat koʻpincha darmondorilarni haddan tashqari koʻp isteʼmol qilish natijasida yuzaga keladi. Masalan, D vitamini teriga quyosh nuri tushganida, shuningdek, ushbu darmondori mavjud neʼmatlar bilan ovqatlanish orqali tanada hosil boʻladi.
Ayniqsa D vitamini yoki A vitamini gipervitaminozi sogʻliq uchun xavfli hisoblanadi. Ustiga-ustak, koʻpgina polivitaminlar dori emas, bioqoʻshimcha sifatida roʻyxatga olinishini unutmaslik kerak.
Maʼlumotlarga koʻra, jigar toksik zararlanishining toʻrtdan ikki qismi tegishli tartibda sertifikatlashtirilmagan bioqoʻshimchalar bilan bogʻliq.
D gipervitaminozida koʻngil aynishi, lohaslik, charchoq, ajralayotgan peshob miqdori kamayishi, qayt qilish, yaʼni intoksikatsiyaning barcha alomatlari mavjud boʻladi.
A vitamini juda katta miqdorlarda qabul qilinganda esa quyidagi oqibatlar kuzatiladi: koʻngil aynishi, koʻrish qobiliyatining pasayishi, charchoq, oʻzini holsiz sezish, asabiylashish, ishtahaning buzilishi, bosh ogʻrigʻi, soch toʻkilishi, qichishish, lablarning yorilishi va qon ketishi, bolalarda esa oʻsishning sustlashishi, teri toʻkilishi, oshqozon yarasi, suyak shikastlanishi kabi dardlarga olib kelishi mumkin.
Agar taomnoma sifatli mahsulotlardan tashkil topgan va meva-sabzavotlarga boy boʻlsa, oʻz vaqtida ochiq havoda jismoniy mashqlar bilan shugʻullanilsa qoʻshimcha vitaminlarni qabul qilishga zarurat yoʻq.
Oliy toifali vrach, tibbiyot fanlari nomzodi Shoira Bekchanova tayyorladi.