Palov oʻzbek xalqinng milliy taomi, faxri, toʻy dasturxonining sultoni! Respublikamizning barcha viloyatlarida u turlicha tayyorlanadi. Xorazmda esa u asosan dimlab pishiriladi. Parhez taom sifatida isteʼmol qilinsa ham boʻladi. Ayniqsa, u keksalar va qon bosimi baland yuradigan bemorlar uchun maʼqul. Oshdan voz kechgandan koʻra uni goh-gohida kam-kam yeb turgan afzal.
Toʻylarda oshning suzma palov, chalov turlari tayyorlanadi. Ibn Sino oʻz tavsiyasida yetti xil neʼmatni qozonga solib, dimlab pishirib isʼtemol qilish immunitetni koʻtaradi, deya tavsiya qiladi. Aynan u palov degimiz keladi.
Xorazmcha palov tarkibi 7 neʼmatdan iborat: 1kg guruch, 1kg goʻsht, 500gr sabzi, 300gr yogʻ, 300gr piyoz, tuz va murch.
Goʻshtni katta boʻlaklarga boʻlib qattiq qizdirilgan yogʻda qovuriladi, keyin yarim parrak holida kesilgan piyoz goʻsht bilan birga tilla rangga kirguncha qovuriladi. Soʻng qozonga biroz suv solib qaynatiladi.
Sabzi tozalanib 1sm kenglik va 5mm qalinlikda kesiladi. Sabzi tuz va ziravorlar bilan birgalikda qozonga solinadi va qopqogʻi mahkam yopilib past olovda 6-7 soat qaynatiladi. Agar keksaroq mol goʻshti boʻlsa qaynatish jarayoni yana choʻziladi. Goʻsht hil-hil boʻlib yetilishi kerak. Guruch solingandan soʻng odatiy oshlarga oʻxshab dimlanadi.
Osh laganga suzishdan oldin aralashtirilmaydi, oldin guruch ustidan goʻsht va sabzi solinadi.
Agar vaqtingiz kam boʻlsa mol goʻshti oʻrniga tovuq yoki qoʻyon goʻshti solishingiz ham mumkin, u holda ushbu jarayonga 2-3 soat vaqt ketadi, xalos.
Shoira Bekchanova, vrach