Mutaxassislarning tavsiyalariga koʻra, odam miyasining qarishiga nafaqat irsiyat, balki sogʻlom turmush tarziga eʼtibor bermaslikning ham katta taʼsiri bor ekan. Sogʻlom turmush tarziga jismoniy faollik, sogʻlom uyqu, sifatli ovqatlanish, oilaviy osoyishtalik, innovatsiyaga intilish kabilar kiradi.
Shvetsiyaning Svenska Dagbladet gazetasi ilmiy tavsiyalar asosida miya qarishini sekinlashtirishning yetti usulini maʼlum qildi.
Jismoniy faollik. Olimlar birinchi navbatda koʻproq harakat qilishga chaqirishmoqda. Qayd etilishicha, jismoniy faollik miya uchun juda foydali. Jismoniy mehnat paytida miyaga kislorod koʻproq yetib boradi.
Sogʻlom uyqu. Miya umrini uzaytirish uchun sogʻlom uyqu ham lozim. Tavsiya etilishicha, sutkasiga yetti soatdan kam uxlamaslik kerak. Tadqiqotlar natijalariga koʻra, kam uxlash 50–60 yoshlilarda miya qarishi xavfini oshiradi.
Sifatli ovqatlanish. Yaxshi ovqatlanish ham muhim oʻrin tutadi. Karolina instituti professori May-Lis Helennius sabzavot, mevalar, koʻkat, dukkaklilar, yongʻoq, sitrus, zaytun moyi va baliqni koʻp isteʼmol qilishni tavsiya etadi.
Ortiqcha vazn. Mutaxassislar fikriga koʻra semizlik miyaning erta qarishiga sabab boʻladi. Shuning uchun ortiqcha vazndan qutulishni maslahat berishgan.
Ichak mikroflorasi ham katta ahamiyatga ega. Nashrning yozishicha, miya va qorin boʻshligʻi orasida doimiy aloqa mavjud. Aniqlik kiritilishicha, ruhiy sogʻlom boʻlish uchun zarur boʻlgan serotonin gormonining 90 foizi ichakda va oʻn foizi miyada ishlab chiqariladi.
Oilaviy osoyishtalik, ahllik. Shu bilan birga, oila aʼzolari bilan yaxshi munosabatda boʻlish muhim hisoblanadi, chunki miya sogʻlomligiga oiladagi yaxshi muhit ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Innovatsiyaga intilish. Olimlar butun umr davomida yangi narsalarni oʻrganishga intilish kerakligini taʼkidlashgan, chunki, bu miyada yangi hujayralar paydo boʻlishiga olib keladi.
Tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach Shoira BEKCHANOVA tayyorladi.