Yasmiq(chechevitsa) ning foydali xususiyatlari

0
10926
marta koʻrilgan.

Yasmiq(chechevitsa) – noʻxat, mosh kabi dukkaklilar oilasiga mansub bir yillik oʻsimlik boʻlib, Markaziy Osiyo va koʻpgina Yevropa mamlakatlarida qadimdan foydalanib kelingan. Ayni kunlarda milliy oshxonalarimizda  ushbu mahsulotdan tayyorlangan turkcha shoʻrvalar urf boʻldi.

Yasmiq tarkibi kalsiy, magniy, kaliy, fosfor, temir kabi foydali mikroelementlarga boy. Omega-3, omega-6 singari teri va sochlarga  koni foyda boʻlgan moy kislotalari ham  mavjud.

Boshqa dukkaklilarga qaraganda yasmiq tarkibida foliy kislotasi moʻl. Yasmiq tarkibidagi eruvchan kletchatka ovqat hazm qilishni yaxshilaydi. Bu mahsulotdan tayyorlangan boʻtqani muntazam isteʼmol qilish organizmda modda almashinuvini yaxshilaydi, immunitetni koʻtaradi.

Ushbu dukkakli mahsulot V guruhidagi darmondorilar, RR, A, S vitaminiga boy. Oʻz ozuqaviy qiymati bilan yasmiq non, yorma va hatto, maʼlum maʼnoda goʻsht oʻrnini ham bosa oladi. Boshqa dukkaklilar kabi yasmiqda magniy  modda mavjudligi yurak va asab tizimining meʼyorda faoliyat yuritishiga koʻmaklashadi. Shuningdek, unda triptofan moddasi ham mavjud boʻlib, mazkur aminokislota odam organizmiga tushgach “baxt gormoni” deb ataluvchi serotonin moddasiga aylanadi.

Mutaxassislar diabetga chalinganlar uchun qondagi qand miqdorini kamaytirish uchun yasmiq isteʼmol qilishni tavsiya etishadi. Shuningdek, undan tayyorlangan boʻtqa meʼda va oʻn ikki barmoqli ichak yarasi, kolit(qabziyat)ni davolashda ham tavsiya etiladi. Xitoylik tabiblar yasmiq qizdiruvchi mijozli mahsulotlar sirasiga kiradi, deyishadi. Shuning uchun undan tayyorlangan taomlar sovuq kunlarda shifobaxsh hisoblanadi.

Ushbu mahsulotning foydali jihatlari bilan birga zararli tomonlari ham borligini unutmaslik lozim. Masalan, podagra, gemorroy(bavosil), diatez, tanosil aʼzolari xastaliklariga chalinganlar, buyrak xastaligi bilan ogʻriganlar uchun yasmiq tavsiya etilmaydi.

Xolida Ochilova, oliy toifali vrach

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.