Yosh onalarga maslahat: bolani choʻmiltirish

0
2763
marta koʻrilgan.

Bolani choʻmiltirish uning harakatchanligiga, sogʻlomligiga  qarab amalga oshiriladi. Yosh onalar oilaviy poliklinika vrachi bilan maslahatlashib olishi kerak. Pediatr birinchi marta  uyga kelib chaqaloqni qabul qilib olgayotganida barcha savollaringizni berib olishingiz kerak.

Chaqaloqni ayrim pediatrlarning taʼkidlashicha, uning kindigi tushib ketmagunicha vannasida choʻmiltirish mumkin emas. Bunday holatda paxtani iliq suvda namlab, burmali joylarini– qoʻltiq, boʻyin ostlarini, tirsak va tizza bukilmalarini, but oralarini, kaftlarini siypab yozib qoʻl va oyoq barmoqlarining orasini ehtiyotkorlik bilan artib chiqasiz. Kindigi atrofini avaylab tozalaysiz va kindigiga 2 foyizli koʻkdori surtib qoʻyasiz.

Kindigi tushgandan keyin bolani 27 darajali suvli vannada chap qoʻl kaftingizda  yotqizib, oʻng qoʻl bilan siypab yuvasiz. Xona harorati 24-25 daraja issiq boʻlishi kerak. Faqat choʻmiltirib boʻlgach kindik va uning atrofini yumshoq sochiqda quruqlating. Bunda sochiqni badanga ishqalamasdan, asta-asta bosib kindik va uning atrofidagi namlikni shimdiring. Kindik hoʻl boʻlib qolib ketishi mutloq mumkin emas.

Bolaning kiyim – kechaklarini, sochiqini dazmol bosib oldindan tayyorlab qoʻying.

Qish kunlari bolani  haftada ikki marta choʻmiltirsangiz yetadi. Ammo, qoʻltiq, quloq orqasi, boʻyin, oyoq bukiladigan joylar, taglik oʻralgan joylar har kuni yaxshilab siypab bugʻimlarni ochib, hoʻl paxta bilan tozalab turilishi lozim. Chaqaloqlar terisi juda mayin boʻlib, tezda yalligʻlanishi mumkin. Hoʻl paxta bilan artgandan keyin namlikni shimdirib olib oʻzingiz distirlagan oʻsimlik yogʻi yoki  bolalarning maxsus yogʻini surib qoʻying.

Bolaning butun badaniga sovun ishlatish shart emas. Koʻp hoʻl boʻladigan joylariga ishlatilsa boʻladi. Boshini haftada bir-ikki marta sovunlansa yetadi. Maxsus bolalar uchun tayyorlangan sovundan foydalaning.

Ayrim bolalarda prisipka kukuniga allergiya boʻladi. Uch oylikkacha boʻlgan bolalarga umuman prisipka kukuni ishlatish mumkin emas.

Bolani ishqalab yuvmaysiz albatta. Shunchaki suvni badaniga tekkizib-tekkizib, bir oz sovunlab, chayib tezda olib chiqasiz. Boshini tanasidan oldin yuvib, sovuq qotmasligi uchun artib bosh kiyim kiygizib qoʻyish lozim.

Bolaning yuzlarini yuvish ham alohida ahamiyatga ega. Chaqaloq yuzi juda mayin boʻladi. Uni choʻmiltirganda emas, balki yotgan holida mayin sochiqni yoki paxtani iliq suvga botirgan holda asta-asta artib chiqing. Koʻzlarini ham shunday sekin bosmasdan ichkaridan tashqariga qarab paxta bilan arting.

 Chaqaloqning quloq-burni tozalash oʻziga xos ahamiyatga ega, juda ham ehtiyotkorlik kerak. Maxsus paxtali tayoqchalarda faqat quloq orqasini artish mumkin. Quloq ichiga tayoqchalarni tiqish mumkin emas. Burnini tozalash uchun momolarimiz ishlatgan usul eng maʼqul usuldir. Agar burunda nimadir yigʻilgan boʻlsa, koʻkrak suti tomizib, asta-asta siypab yumshatiladi, soʻngra paxtadan pilik yasab, astalik bilan ichiga tiqmasdan salgina burun ichiga tegizib, tortsa oʻzi tozalanib chiqib keladi.  
Eng asosiysi onaning shirin soʻzi, yoqimli erkalashi, ezgu tilaklaridir.

R. SAPAYEVA tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.