Yosh onalarga maslahatlar: Uyingizda yangi chaqaloq tugʻildimi?

0
1685
marta koʻrilgan.

Yosh onalar, ayniqsa, alohida yashovchi yosh oilalar yangi chaqaloq tugʻilganida shoshib qolishadi. Dugonalaridan maslahat soʻrashadi, internet titkilashadi. Har damda vrachga yugirishadi. Yoki uyga chaqirishadi. Kelin olib biz ham qayta ota-ona boʻldik. Kelin yumush bilan yurganida yoki oʻqishga ketganida goʻdak bizning zimmamizda boʻlardi. Yoshligimizni esladik va yosh oilalarga maslahat berishni maʼqul koʻrdik.

Birinchi oy.  Ushbu davrni ona vujudidagi goʻdakning yangi hayotga, yangi sharoitga “moslashish” davri deb atash mumkin. Bola 70 foiz vaqtini  uxlab oʻtkazadi. Birinchi oyning oxiriga kelib, uzoq vaqt boshini tutib turishni, bir nuqtaga qarashni, ovozlarga quloq solishni va oʻzi ovoz chiqarishni oʻrganadi.  

Ikkinchi oy. Bola boshini mahkam tutadi, nafaqat yaqinlarini taniydi, balki his-tuygʻularni ajratadi va ularga javob qiladi. Jilmayishni oʻrganadi.

Uchinchi oy. Bola boshini mahkam tutadi, agar qorniga yotqizilsa, biroz muddat yelkasiga tayanib turadi. Bu vaqtga kelib yorqin rangli oʻyinchoqlarga ahamiyat beradi, ularga uzoq diqqat bilan tikiladi. Shuning uchun  beshikiga , aravachasiga rangli oʻyinchoqlar osib qoʻyish kerak. Shuningdek,  nafaqat unli, balki unsiz tovushlarni ham chiqaradi. Uyqu orasidagi vaqt 1-1,5 soatga choʻziladi. Eng katta yutuq  oʻyinchoqlarni olishga intiladi. Soʻrgʻichni ogʻzidan mustaqil chiqara oladi va qaytib ogʻziga solishga urinadi.

Toʻrtinchi oy. Kichkintoy mustaqil ravishda yelkadan qoringa aylanib oladi, bemalol qoʻliga tayanadi va qorinda yotgan holda qoʻlga tayanib turadi. Shu davrda bola oʻtirishga harakat qiladi. Oʻyinchoqlarga choʻziladi, ularni tomosha qiladi, ogʻziga oladi. Yaqinlarini begonalardan farqlaydi va oʻz otini taniydi. Bu paytda shirin soʻz va ohanglarda muloqot qilishga harakat qiling.

Beshinchi oy. Besh oylik boʻlganida kichkintoy mustaqil oʻtirishga yanada koʻproq harakat qiladi va ushlab turilgan taqdirda oʻtirishi mumkin. U endi yanada faolroq, bajonidil oʻynaydi, ota-onasiga talpinadi. Koʻpchilik bolalarda tish chiqa boshlaydi. 

Oltinchi oy. Bola hali oʻzi mustaqil oʻtirib ololmaydi, ammo endi oʻtirganida ushlab turishga xojat yoʻq. Qorniga yotganda oyoqchalarini bukadi va toʻrt oyoqlab turishga harakat qiladi. Qornida emaklaydi, ushlab turilsa piyoladan choy icha oladi. Umuman harakatga kelganidan keyin bola vazni biroz kamayadi, baʼzilarida. Bundan xavotir olish kerak emas.

Yettinchi oy. Bola ancha faollashadi, serharakat boʻladi, agʻdariladi, emaklaydi. Biron narsani ushlab oʻrnidan turishni boshlaydi. Bu oyda narsalarning nomini eslab qoladi va ularni koʻrsatishga qodir boʻladi. Choʻmilganda vannani ushlab, erkin harakat qilishga intiladi.

Sakkizinchi oy. His-tuygʻulari doirasi kengayadi. Bola «ona», «ota», «ber» va shu kabi soʻzlarni ongli ravishda aytadi. Tanish yerda bemalol harakatlanadi va tayanch boʻlsa, bemalol yuradi. 

Toʻqqizinchi oy. Kichkintoy qoʻrqmasdan turib yoki oʻtiribgina qolmay, divan, stullarga chiqishga urinadi. Narsalarning nomini eslab qoladi, ularni koʻrsatadi. Oʻzi qoshiq bilan ovqat yeyishga harakat qiladi. Bu oyda ong-shuuri faol rivojlanishni boshlaydi.

Oʻninchi oy. Bola kattalarning xatti-harakatlarini takrorlashni boshlaydi. Oʻzi mustaqil oʻyinchoq oʻynaydi, kitob varaqlay oladi. Kattalar yordamida bajonidil boshqa bolalar bilan oʻynaydi. Tez emaklaydi va mustaqil yurishga harakat qiladi. Qoʻlida bir necha narsani ushlash imkoni paydo boʻladi. Yon atrofdagi narsalarning, hayvonlarning nomini aytishni boshlaydi.

Oʻn birinchi oy. Oʻn bir oylik boʻlganda bola keyinchalik faqat takomillashadigan barcha koʻnikmalarga ega boʻladi. Faol harakat qiladi, mustaqil yuradi, qoshiq bilan yeydi, oyoq kiyimlarini oʻzi kiyishga intiladi, ota-onasining soʻz ohangini ajrata oladi.

Oʻn ikkinchi oy. Bir yoshga yetganda bolaning xatti-harakatlarida mustaqillik sezilibgina qolmay, u yaqinlariga nisbatan «gʻamxoʻrlik» qila boshlaydi. Feʼl-atvori namoyon boʻladi, ovqat tanlaydi, qattiq taomlarni chaynaydi, piyoladan ichadi. Soʻz lugʻati 10-15 ta soʻzdan iborat boʻladi.

Shuni taʼkidlash kerak-ki, nasl-nasab  yaʼni gen ham koʻp narsani bildiradi. Baʼzi bolalarda sanab oʻtgan harakatlar biroz erta yoki kech boʻlishi mumkin. Shunda ota-onangiz siz haqingizda aytganlarni eslang. «Olmaning tagiga olma tushadi» deydi xalqimiz. Bu sinalgan haqiqat.

Har birimizning xonadonimizdan chaqaloq hidi kelib, kulgusi jaranglab tursin. Oʻzingizni, oilangizni pandemiyadan asrang. Tibbiy koʻrsatmalarga amal qiling.

Oliy toifali vrach, tibbiyot fanlari nomzodi Shoira Bekchanova tayyorladi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.