Yoz faslida ovqatdan zaharlanish holatlari koʻp uchraydi. Chunki, issiq ob-havoda oziq-ovqat mahsulotlari tez buziladi. Tamaddixonalar yoki dam olish maskanlarida taom va yeguliklarni pala-partish isteʼmol qilish oshqozonni «qiynab qoʻyishi», ich surishi ham mumkin. «Ich ketdi kuch ketdi» deydi xalqimiz. Yoz taomnomasining oʻziga xos xususiyatlari mavjud.
Yozda oziq-ovqat mahsulotlar isʼtemolining oʻziga xos xususiyatlari. Albatta issiq ovqatning sifatini nazorat qilish qiyin. Ammo shunday boʻlsa-da, baʼzi qoidalarga amal qilinsa, kasallikning oldini olish mumkin boʻladi. Masalan, muddati oʻtgan, rangi, koʻrinishi, taʼmi oʻzgargan va hidlangan mahsulotlar isteʼmolga yaroqsiz xisoblanadi. Shuningdek, bir necha kun turib qolgan, 3-4 marotaba qayta isitilgan yeguliklarni ham isteʼmol qilib boʻlmaydi. Kafe va ovqatlanish shoxobchalarida tez tayyorlanadigan yeguliklarni (lavash, burger, sendvich) hamda konserva taomlarni isteʼmol qilish ham tavsiya etilmaydi.
Ayniqsa, koʻchadan qizib uyga kirganda, muzdek suv shimirasiz. Unday paytda meva-sabzavotlarni ketma-ket yeyish mumkin emas. Shuningdek, meva-sabzavotlarni gazlangan ichimliklar bilan birgalikda isteʼmol qilishning ham oqibati yomon boʻlishi mumkin.
Meva-sabzavotlar bir necha marta suvda chayilib, iloji boricha ustidan qaynoq suv qoʻyib soʻng isteʼmol qilinishi lozim. Koʻkatlar obdan yuvilgach, namakobda besh daqiqa saqlash va undan keyin isʼtemol qilish kerak. Ovqatlanishdan oldin qoʻllarni tozalab yuvish qoidasi esa nafaqat kasallikdan, balki boshqa salbiy taʼsirlardan ham himoyalaydi.
Taomnomadagi xavfsiz koʻringan mahsulotlar baʼzan kasallikni keltirib chiqarishi mumkin. Ayniqsa tuxum. U oʻzida salmonellez bakteriyasini yashirin saqlab kelgan boʻlishi ehtimoli bor. Shu sababli tuxumni ishlatishdan oldin obdan yuvish kerak. Qaynatish uchun kamida 7 daqiqa, qovurish uchun esa kamida 5 daqiqa vaqt sarflanishi kerak. Xom tuxumdan tayyorlangan yeguliklar esa umuman tavsiya etilmaydi.
Erib ketgan muzqaymoq ham yaroqsiz! Yozni muzqaymoqsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Aksariyat aholimiz, ayniqsa, yosh bolalar yozning issiq kunlarida muzqaymoq isteʼmol qilishga odatlanganlar. Ammo erigan yoki erib, qayta muzlatilgan muzqaymoqni umuman yeb boʻlmaydi. Sababi, bunday muzqaymoqlarning tarkibi oʻzgarib, inson salomatligiga zararli taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Birinchi yordam. Ovqatdan zaharlanishga gumon boʻlganida shifokorga murojaat qilish maqsadga muvofiq. Oʻzboshimcha davolanishga urinish esa salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Agar bemor mustaqil harakatlanishga qodir boʻlmasa, «Tez yordam»ga murojaat qilinishi zarur. Huqna qilish, qustirish, faollashtirilgan koʻmir berish, «och qoldirish» kabi usullarni shifokor koʻrsatmasisiz bajarmaganingiz maʼqul.
Qanday davolanadi? Ovqatdan zaharlanish aniqlanganida uchta muhim omilga eʼtibor qaratish zarur. Xususan: organizmga tushgan zaharni imkon qadar tezroq undan chiqarib yuborish; organizmga soʻrilib ulgurgan zaharni dori preparatlari yordamida zararsizlantirish (neytrallash);
organizmda nafas va qon aylanishining buzilishiga yoʻl qoʻymaslik.
Odatda, ovqatdan zaharlanish tashxisida meʼdani yuvish, ichaklarni tozalash (huqna, surgi dorilar) choralari qoʻllaniladi. Shifokor koʻrsatmasi bilan organizmning suvsizlanishi va intoksikatsiyasining oldini olish maqsadida tomiriga tuzli eritmalar, glyukoza va boshqa eritmalar yuboriladi. Bemor shifoxonaga yotqizilib, nazoratga olinadi.
Zaharlanish alomatlari kuzatilgan dastlabki soatlarda hech nima yeyilmaydi. Koʻp-koʻp suv ichiladi, faqat. Bezovtalik kamaya boshlagach, shifokor tavsiyasi bilan yengil taomlar isteʼmol qilishga ruxsat beriladi. Oz ozdan tez-tez ovqatlanish kerak boʻladi. Kasallikdan toʻliq tuzalib ketgandan keyin ham bir necha kun davomida parhez saqlash kerak.
Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach