ZIRA tarkibida 2,75-3,0% efir moyi bor. Oʻrta Osiyo xalqlari goʻsht tuzlashda, qazi va boshqa ovqatlar tayyorlashda qadimdan keng foydalanib keladi. Xalq tabobatida meʼda kasalliklarini davolashda va siydik haydovchi dori sifatida ishlatiladi.
Xalq tabobatida ziraning foydalari haqida buyuk bobokalonimiz Ibn Sino shunday degan: “…Unda qizdiruvchi kuch boʻlib, yellarni haydaydi va tarqatadi. Suv bilan aralashtirilganini ichilsa, nafas olish qiyinlashganda yordam beradi. Jolinusning aytishicha, “tikka nafas olishga”, hamda sovuqdan boʻlgan xafaqonga foyda qiladi. Shuningdek, ziraning oshqozon gastriti, sariq kasal, ishtahani ochishda, uyqusizlikda, kishilar quvvatini oshirishda juda ham katta foydasi bor.
Hozirgi zamon shifokorlari ham zira haqida ijobiy baho berib, haddan tashqari toʻlalikda, meteorizm (qorin dam boʻlishi)da, oshqozon-ichak yoʻllaridagi yengil xastaliklarda, yurak kasalliklarida va emizikli bolalarda ovqat hazm qilish jarayoni buzilganida onasi zirani muayyan tarzda isteʼmol qilish nihoyatda foydali ekanini taʼkidlashadi.
Zirali choy damlash. Bir choy qoshiq yanchilgan zira ustidan bir stakan qaynab turgan suv quyiladi va 10 minutdan soʻng dokadan oʻtkazib olinadi. Damlamani iliq holatda oz-oz xoʻplab ichish maqsadga muvofiq. Bu choy oshqozon hazm yoʻllarining dam boʻlishi va ichaklar siqilib qolishini bartaraf etadi.
Shifobaxsh damlamaning yana bir usuli. Besh gramm yanchilgan zira ustidan 100 ml qaynab turgan suv quyiladi, 10-15 minut tindiriladi. Tayyorlangan damlamani 2-3 ga boʻlib ovqatlanishdan oldin ichiladi.
Allergiya. 50 g zirani kofemolkada yanchiladi, ustidan 0,5 l oqlanmagan qaynoq oʻsimlik yogʻi quyiladi, 10 minut qasqonda qaynatmasdan bugʻlanadi. Shisha idishga solib, 1 hafta davomida issiq joyda – oftobda yoki batareyada tindiriladi. Bunday yogʻ organizmda teri immunitetini tiklaydi. Katta yoshlilarga burun kataklariga 20 tomchidan, bolalarga 5 tomchidan tomiziladi. 1 kurs davolanish – 3-6 oy. Davolanish oxirida tomiziladigan yogʻni 1 tomchidan kamaytirib boriladi. Yogʻni — maska, kompres, massaj uchun surtib ishlatish ham mumkin.
Oshqozonosti bezi kasalliklarida. 1 osh qoshiq zira ustidan qaynab turgan 1 stakan suv quyiladi, 2 soat davomida tindiriladi, dokadan oʻtkaziladi. Kuniga 3 mahal ovqatlanishdan oldin 70 g dan ichiladi.
Qabziyatda. 2 osh qoshigʻi miqdoridagi zira ustidan 1 stakan qaynab turgan suv quyiladi, qasqonga oʻxshash idishda 15 minut qaynayotgan suvda bugʻlanadi, 45 minut tindiriladi. Damlama ovqatdan soʻng yarim stakandan kuniga 2 mahal ichiladi.
Yoʻtalda. 1 osh qoshigʻida yanchilgan zira ustidan 1 stakan qaynab turgan suvni quyiladi, ustini yopiladi, oʻraladi va sovugunicha tindiriladi. Soʻng dokadan oʻtkaziladi. Sutkasigacha 6 martagacha 2-3 osh qoshigʻidan ichiladi. Yosh bolalarga asal yoki shakar qoʻshib, 1 choy qoshigʻidan sutkasiga 3-4 mahal ichiriladi.
Meteorizm. Choy qoshigʻidan ham kichik desert qoshigʻida kuniga 1-2 marta zirani quruq oʻzini obdan chaynab isteʼmol qilinadi. Ikkinchi usuli. 1 osh qoshiq zira ustidan 1 stakan qaynoq suv quyiladi, oʻrab qoʻyiladi, 1 soat davomida tindiriladi. Kuniga 3 mahal ovqatlanishdan oldin 2 osh qoshigʻidan ichiladi.
Shamollashda. 3 choy qoshiq zira ustidan 1 stakan suv quyib 15 minut davomida qaynatiladi, 40 minut tindiriladi, dokadan oʻtkaziladi. Tayyorlangan damlamani kun davomida oz-ozdan ichiladi.
Emizikli onalarda koʻkrak sutini koʻpaytirish uchun. 1 osh qoshiq maydalangan zira ustidan 0,5 litr qaynoq suv quyiladi, usti yopiq idishda 5 minut qaynatiladi, soʻng dokadan oʻtkaziladi. Qaynatma kun davomida ovqatlanishdan 15 minut oldin 3 ga boʻlib ichiladi.
Surunkali gastritda oshqozon shirasi yuqori miqdorda boʻlganida. 15 g zira ustidan 200 ml qaynoq suv quyiladi, 30-40 minut idish qopqogʻini yopib dam beriladi, dokadan oʻtkazib olinadi. Damlamani 1 osh qoshigʻidan kuniga 3-4 mahal ovqatlanishdan oldin ichiladi.
Zirani isteʼmol qilib boʻlmaydigan holatlar. Oshqozon yarasi, yurak ishemik kasalligi, tromboflebit, gastrit, infarkt, tromboz, qandli diabetda zirani alohida oʻzini isteʼmol qilish mumkin emas.
Fazilat Saʼdullayeva, farmatsevt