AOKA shtabida Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Habibulla Oqilov ishtirokida boʻlib oʻtgan brifingda savol va murojaatlarga javob olindi.
SAVOL: Tomoqdan surtma olib tekshirilganda, koronavirusni aniqlash imkoni qanday?
JAVOB: Oʻzbekistonda COVID-19 virusini aniqlash uchun PSR (Polimepraz zanjir reaksiyasi) ishlatiladi. Uning aniqlash foizi juda yuqori —90 foizdan oshadi.
SAVOL: Nima uchun bizning mamlakatimizda koronavirusdan oʻlim holati juda past darajada? Bunga qanday erishildi?
JAVOB: Oʻzbekiston karantin va oʻz-oʻzini izolyasiya qilish tadbirlarini oʻz vaqtida va qatʼiy oʻrnatgani buning eng asosiy sababi. Shuningdek, shifokorlarimizning fidokorona mehnati, xalqaro tajribalarni qoʻllash ham qoʻl keldi. Boshqa yana koʻplab faktorlar ham bor.
SAVOL: Yoʻllarda dezinfeksiyalash ishlari toʻxtatildimi?
JAVOB: Yoʻq. Dezinfeksiyalash tadbirlari bekor kilingani yoʻq.
SAVOL: Bir tanishim koronavirusga test topshiribdi. Aytishicha, natija 14 kunlik kuzatuvdan soʻng aniq boʻlarmish. Shu rostmi?
JAVOB: Notoʻgʻri. Polimeraz zanjir reaksiyasi birinchi martadayoq toʻgʻri javob beradi. Bemor tuzalganligini aniqlash uchun analiz takrorlanadi.
SAVOL: Isroilda koronavirusga analiz oladigan budkalar tashkil qilinibdi. Bizda ham shunday test olish uchun joylar tashkil etilishi mumkinmi?
JAVOB: Yoʻq. Oʻzbekistonda koronavirusni aniqlash uchun analiz oladigan laboratoriyalar yetarli miqdorda. Ularda kerakli asbob uskunalar, reaktivlar va ularda ishlaydigan mutaxassislar yetarli. Shuning uchun koʻchma laboratoriya ochishga ehtiyoj yoʻq.