Rayhonni xalqimiz jannat guli, deya ardoqlaydi. Dumogʻiga xushbuy ufurib turishi uchun quloqqa taqib olishadi. Bu bejiz emas. Chunki u yuqumli kasallik tarqatuvchi mikroblardan va infeksiyalardan tozalaydi.
Uning yer ustki qismi tarkibida efir moyi bor. U asosan kamfora va boshqa terpenoidlardan tashkil topgan. Undan kamfara olinadi. U yurak tomir tizimi ishini va nafas olishni qoʻzgʻatishda ishlatiladi, uni ham ichish ham hidlash tavsiya qilinadi.
Bod kasalligida va shamollash kasalliklarida mushaklarning ogʻrigan joyiga surtish yaxshi foyda beradi.
Tomoq ogʻriganda: 4 qoshiq maydalangan rayhon bargini 250 ml. qaynagan suvga solib, 20 daqiqa davomida pas olovda dimlang va suzib olib, kun davomida 2-3 marta iliq holda tomogʻingizni chaying.
Qovoqlar shamollashi uchun: 2 qoshiq maydalangan rayhon barglarini 500 ml. qaynagan suvga solib dimlang va sovutib suzgichdan oʻtkazing. Malhamga dokani botirib, qovoqlaringiz ustiga qoʻying.
Bosh ogʻriganda: Rayhon, mavrak, limonoʻtni baravar olib, 1 choy qoshigʻini 200 ml. qaynagan suvga aralashtirib, 20 daqiqa dimlang, tindirib, suzgichdan oʻtkazing va 1 choy qoshiq asal bilan aralashtirib iching. Bu ichimlik tinchlantirish xususiyatiga mavjudligi uchun bosh ogʻrigʻini qoldiradi.
Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi